G’arbda Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalarga tayyorgarlik

  • Amerika Ovozi

Ukraina xavfsizlik idoralarining ma’lum qilishicha, o’tayotgan haftada Ukraina chegarasini kesib o’tgan Rossiya kuchlari Novoazovsk rayonida nazoratni kuchaytirmoqda. BMT chiqargan yangi tahlilnomada ham Ukraina armiyasi, ham bo’lginchilar huquqbuzarlikda ayblanadi.

Ukraina milliy xavfsizlik idorasi so’zlovchisi Andrey Lisenkoga ko’ra, Ukrainaga kirgan Rossiya harbiy kolonnasi separatistlarga yordam ko’rsatmoqda.

“Ular bosib olgan Novoazovsk shahrida ayrim hududlar minalashtirilyapti. Rossiya artilleriyasi o’qidan non zavodi hamda qishloq xo’jaligi korxonasi vayron bo’ldi”, - deydi rasmiy.

Ayirmachilar bilan birgalikda rus zobitlari ko’chalarni nazorat qilayapti, mashinalarni tekshirib, shaharda ro’yxatdan o’tmaganlar so’roq qilinyapti, deya qo’shadi Lisenko.

Kiyevga ko’ra, Rossiya mojaroga to’g’ridan-to’g’ri aralashayotganini shubhasiz. Rus soldatlari bronetexnika bilan chegarani kesib o’tgani, Rossiya hududidan artilleriya hujumlari yanada kuchaygani qayd etilgan.

NATO, Shimoliy Atlantika harbiy bloki, sun’iy yo’ldosh orqali olingan tasvirlarni ommaga taqdim etdi. Unda harbiy kolonna chegaradan o’tgani ko’rsatilgan.

Kremlning javobi shuki, bo’lginchilar orasida rus zobitlari bo’lsa ham ular o’z xohishi bilan Ukrainaga ketgan volontyorlar.

“Biz biror tomonni quvvatlayotganimiz yo’q”, - deydi Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov.

Juma kungi nutqida prezident Vladimir Putin Ukraina armiyasi sharqda olib borayotgan harbiy operatsiyada begunoh odamlar nobud bo’layapti, deya tanqid qildi. Gumanitar inqiroz bu, deya janglarni zudlik bilan to’xtatishga chaqirdi.

BMT inson huquqlari idorasi hisobiga ko’ra, aprel oyidan beri Ukraina sharqidagi to’qnashuvlarda qariyb uch ming odam halok bo’lgan. Bu raqam iyul oyida urib tushirilgan Malayziya samolyoti yo’lovchilarini ham o’z ichiga oladi.

BMT Bosh kotibining inson huquqlari bo’yicha muovini Ivan Simonovich hisobotni taqdim etar ekan, mojaroda Rossiya roli tobora oshayotganidan tashvish bildirdi.

“Qurollangan guruh yetakchilaridan biri bayon qildiki, ular safida minglab rus fuqarolari, jumladan ta’tilga yurgan zobitlar jang qilayapti”, - deydi Simonovich.

BMT hisobotida yozilishicha, sharqiy hududlarda odam o’g’irlash, qiynoq va boshqa jinoyatlarning aksariyati uchun separatistlar javobgar. Ukraina armiyasi ham noqonuniy hibsga olishlar va qiynoq qo’llashda ayblanadi.

“Urush paytida ko’pchilik mas’uliyat va javobgarlik haqida unutishga moyil. Ammo jinoyatga qo’l urgan har bir shaxs bir kun kelib qonun oldida javob beradi”, - deya eslatdi Ivan Simonovich.

G’arb davlatlari Rossiyaga qarshi navbatdagi iqtisodiy sanksiyalarni tayyorlamoqda. AQSh rahbari Barak Obama Germaniya kansleri Angela Merkel bilan bu haqda maslahatlashib olgan. Mojaro alanga olishida har ikki tomon Rossiyani ayblamoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG