Ukraina va Rossiya - dinda bir, siyosatda ayri

  • Amerika Ovozi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Moskva va Butun Rossiya patriarxi Kiril

Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Moskva va Butun Rossiya patriarxi Kiril

Dunyo bo’ylab nasroniylar pasxani nishonlar ekan, qardosh Ukraina va Rossiyada bayram tadbirlarida diniy yetakchilar tinchlik uchun ibodat qildi. Ikki xalqni ko’p asrlardan buyon bog’lab kelayotgan pravoslav nasroniy dini yordamida hozirgi mojaroga barham berish mumkinmi?

Dinlar tarixi bo’yicha professor Andrey Zubovning aytishicha, Kiyev va Ukrainaning boshqa hududlaridagi namoyishlarda din ahli katta rol o’ynadi.

"Turli din ulamolari, pravoslav oqimidagi guruhlar, grek-katoliklari va boshqalar bir bo’lib, namoyishda ishtirok etgan", - deydi u.

Ukrainadagi diniy yetakchilar Kiyevda hokimiyatga kelgan yangi kuchlarni qo’llab-quvvatladi, biroq Rossiyadagi pravoslav cherkov so’nggi voqealarni hozircha izohlagani yo’q.

Diniy mavzularni yorituvchi rossiyalik jurnalist Aleksandr Soldatovning aytishicha, Rus Pravoslav cherkovi o’z pozitsiyasini bildirmadi hali.

Hozirgi mojaro cherkov va uning Ukrainadagi bo’limi o’rtasida ziddiyatni keltirib chiqarayotgan bo’lishi mumkin. Rossiya hukumatiga yaqin bo’lgan Rus Pravoslav cherkovi bu borada izoh berganicha yo’q.

Professor Zubovning aytishicha, asosiy cherkov masalaga ehtiyotkorlik bilan yondashmoqda.

"Agar prezident Putinni qo’llab-quvvatlasa, Ukrainadagi bo’limi undan ajralib chiqishi mumkin. Ukrainani qo’llab-quvvatlasa, Rossiya prezidentining mahkamasi bilan jiddiy muammoga duch keladi".

Ukrainadagi pravoslav nasroniylarning 40 foizini ruslar tashkil etadi. Zubov va Soldatovga ko’ra, Butun Rossiya patriarxi Kiril Ukraina masalasida Putin bilan hamfikr emas, chunki bosh ruhoniy Putinning 18-mart kuni Qrimni Rossiyaga qo’shish bo’yicha Kremlda qilgan chiqishida yo’q edi.

Biroq ukrainalik ruhoniy Yakov Krotov o'zgacha fikrda.

"Rus Pravoslav cherkovi bu masalada Putinni to’la-to’kis qo’llab-quvvatlaydi. Patriarx Kiril va Putin aloqalarining yomonligi oddiy mish-mish xolos", - deydi u.

Krotov cherkov rahbarining sukut saqlayotganini tanqid qilar ekan, u o’zini ehtiyotkorona tutmoqda, siyosiy sug’urta ustida o’ylanmoqda, deydi.

Rossiyalik jurnalist Aleksandr Soldatovning aytishicha, Kiyevdagi namoyishlar paytida diniy yetakchilar faol edi, ammo Ukraina sharqidagi rossiyaparast chiqishlarda ular ko’rinmaydi.

"Kiyevdagi Maydonda turli din peshvolarini ko’rsa bo’lar edi, ammo Lugansk va Donetskda ishg’ol qilingan binolar atrofidagi barrikadalarda birortasi yo’q", - deydi Soldatov.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG