Breaking News

Britaniya Rossiyani ayrim tashkilotlardan haydashga chaqirmoqda


Britaniya tashqi ishlar vaziri Uilyam Xeyg (chapda), Fransiya va Niderlandiya tashqi ishlar vazirlari Loren Fabius (o'ngda) va Frans Timmermans bilan suhbatlashmoqda, Bryussel, 17-mart, 2014-yil
Britaniya tashqi ishlar vaziri Uilyam Xeyg (chapda), Fransiya va Niderlandiya tashqi ishlar vazirlari Loren Fabius (o'ngda) va Frans Timmermans bilan suhbatlashmoqda, Bryussel, 17-mart, 2014-yil
Britaniya tashqi ishlar vaziri Uilyam Xeyg Rossiyadan ogoh bo’lishga chaqirdi. Unga ko’ra, mamlakatlar rasmiy Moskva bilan munosabatini qayta ko’rib chiqishi lozim.

Xeyg Rossiyani qator xalqaro tashkilotlardan chiqarishni, u bilan harbiy sohada hamkorlikni bas qilishni taklif etmoqda. Rossiya G’arbning unga nisbatan har bir dushmanona harakatiga qarshi javob berishini bildirdi.

BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun kecha Kiyevda bo’lib, muvaqqat hukumat bilan muloqot qildi. Kanada bosh vaziri Stiven Xarper ham kecha Kiyevda edi. Uning aytishicha, Rossiyaning qator provokatsion harakatlariga javob bermay, Ukraina to’g’ri ish qilmoqda.

Rossiyaning RIA-Novosti axborot agentligi Qrim yarimorolida ukrainalik harbiylarning katta qismi Rossiya tomoniga o’tgani haqida xabar qilmoqda. Rossiya qurolli kuchlari kecha hududdagi so’nggi harbiy bazani ishg’ol etgan. Ukrainalik harbiylar qarshilik ko’rsatmagan. Ularga Rossiya armiyasiga o’tib, Qrimda xizmat qilishda davom etish taklif qilingan. Istamaganlar va Ukraina qurolli kuchlari tarkibida qolishni xohlaganlar yarimorolni tark etishi kerak bo’ladi.

Qrim referendum natijasida Rossiya Federatsiyasiga qo’shilgan. AQSh, Ukrainadagi yangi hukumat va Yevropa Ittifoqi saylov natijalarini tan olishdan bosh tortmoqda.

Ayrim mamlakatlar Qrimning Rossiyaga qo’shilishini yoqlab chiqdi, masalan, Argentina, Armaniston, Venesuela va Suriya. Belarus, Qozog’iston va Qirg’iziston kabi davlatlar buni ochiqchasiga tan olmasa-da, referendum natijasi Qrim xalqining xohishini ifoda etadi, deya bayonot qildi.

Sobiq sovet respublikalari orasida Boltiqbo’yi davlatlari, Ozarbayjon, Gruziya va Moldova Ukrainaning hududiy yaxlitligini qo’llab-quvvatladi.

AQShning respublikachi senatori Kelli Ayot rahbarligidagi qonunchilar delegatsiyasi ham bugun Kiyevga tashrif buyurmoqda. Ayot AQSh hukumatini Ukrainaga qo’shimcha yordam berishga chaqirmoqda.

Delegatsiya kecha Afg’onistonda ham bo’lib, prezident Hamid Karzay bilan muloqot qildi. Afg’on rahbariga ko’ra, Qrim xalqi Rossiya bilan birga bo’lishni afzal ko’rdi va uning bu qarorini qabul qilish kerak.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG