Ukraina sharqiy viloyatlarini boy berish arafasidami?

  • Amerika Ovozi

O’tgan haftaning so’nggi kunlari Ukrainaning bir qator sharqiy shaharlarida rossiyaparast kuchlarning namoyishlari bo’lib o’tdi. Ularning ayrimlarida hatto namoyishchilar hukumat binolarini egallab olgan. Kuzatuvchilarning ogohlantirishicha, bunday harakatlar kutilmagan, lekin og’ir oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Vaziyatni yanada taranglashtirmaslik uchun Rossiya harbiy kuchlarining bir qismini chegaradan olishga qaror qilgan edi. Ammo o’n minglab askarlar hanuz Ukraina biqinida harbiy mashg’ulotlar o’tkazmoqda. NATOning amerikalik qo’mondoni general Filip Bridlovning aytishicha, bunday mashqlar ortida yashirin maqsadlar bo’lishi mumkin.

“Ukrainaning sharqiy chegarasiga tortilgan qo’shinlar soni juda katta va shay holatda turibdi”, - dedi u.

Ukraina armiyasi esa ancha kichik. Safida ko’plab zahiradagi askarlar hamda yangi ko’ngillilar bor.

NATO kuchlari Ukraina chegarasidan ancha olisda joylashgan, bundan tashqari tashkilot rasmiylari Ukrainani deb Rossiya bilan urushga bormasligini ma’lum qilgan.
Ayrim kuzatuvchilar fikricha, Kreml istasa, aholisining aksariyati rusiyzabon bo’lgan sharqiy viloyatlarni osonlikcha Rossiyaga qo’shib olishi mumkin.

Ammo Londondan Rossiya boyicha ekspert Igor Sutyagin yaqin orada bosqin ro’y bermaydi, deydi.

“Buni amalga oshirish uchun juda katta armiya kerak. Ukrainaning bir qismiga bostirib kirish mumkin. Ammo so’ngra u hududlar ustidan nazoratni saqlab turish imkonsiz”, - deydi u.

Londondagi Strategik tadqiqotlar xalqaro instituti tahlilchisi, sobiq harbiy Ben Berrining aytishicha, sharqiy Ukrainaning rusiyzabon aholisi Qrimnikiga qaraganda kamroq bo’lgan hududlarida Rossiya yangi muammolarga yuz tutishi mumkin.

“U yerda Ukraina xalqi rus kuchlariga qarshi qo’zg’olon ko’tarishi, partizanlik harakati va terrorizm kabi kurash usullariga o’tishi mumkin”, - deydi u.

Xalqaro hamjamiyat ham Rossiyaning bosqinchilik siyosatiga qarshi iqtisodiy va diplomatik sanksiyalarini kuchaytirishi mumkin. Shu paytgacha Kremlga qarshi bosimning zaif bo’lgani aytilmoqda.
Tahlilchi Sutyaginga ko’ra, Rossiya allaqachon o’n milliardlab dollar sarflashga majbir bo’ldi va bu xarajatlarning oshish ehtimoli Kremlni tiyadi.

“NATOga a’zo davlatlar ko’rayotgan iqtisodiy choralar boshqa har qanday sanksiya yoki harbiy harakatlarga qaraganda kuchliroq”, - deydi u.

Ayrim ekspertlar fikricha, Rossiya sharqiy Ukraina ustidan nazoratni askar kiritmay turib ham amalga oshirishi mumkin. Kiyevdagi hukumatning ta’sirini kamaytirish hamda mintaqani iqtisodiy jihatdan Rossiyaga qaram qilish orqali Kreml NATOni bu yerlarga qadam qo’ymaslik kerakligidan ogohlantirishi mumkin, deydi ular.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG