Ukraina sharqidagi namoyishchilar so'z yoki kuch bilan tarqatilishi mumkin

  • Amerika Ovozi

Donetskda Rossiyaga xayrixoh faollar viloyat hokimiyati atrofiga barrikada qurgan, Ukraina, 9-aprel, 2014-yil

Donetskda Rossiyaga xayrixoh faollar viloyat hokimiyati atrofiga barrikada qurgan, Ukraina, 9-aprel, 2014-yil

Ukraina ichki ishlar vaziri Arsen Avakov mamlakat sharqidagi uch viloyatda davom etayotgan namoyishlar kelasi 48 soatda muzokara yoki kuch bilan hal etilishini aytmoqda.

"Masalani siyosiy yo’l bilan yechishga harakat qilamiz, ammo namoyishchilar qarshilik ko’rsatsa, kuch qo’llashga majbur bo’lamiz", - deydi u.

Kiyevdagi muvaqqat hukumat sharqdagi namoyishchilarni Rossiyaga xayrixohlikda, davlat idoralarini ishg’ol qilganlikda ayblamoqda.

Kecha Xarkovda kamida 60 faol hibsga olingan, Donetskda esa yakshanba kuni ishg’ol qilingan shahar ma’muriyati namoyishchilardan ozod etilgani yo’q.

Luganskda xavfsizlik xizmati boshqarmasini egallagan faollar binoni qoldirgan.

AQSh davlat kotibi Jon Kerri Rossiya agentlarini Ukraina sharqida separatist kayfiyatni kuchaytirayotganlikda ayblamoqda.

"Rossiya bahona topib, qo’shinlarini Qrimda bo’lgani kabi kiritmoqchi", - deydi u.

Kecha Kerri Senat Tashqi aloqalar qo’mitasida qonunchilar savollariga javob berdi. Unga ko’ra, Rossiyaning Ukrainadagi harakatlari noto’g’ri.

"Agar Moskva siyosatini o’zgartirmasa, Qo’shma Shtatlar uni yangi va kuchliroq sanksiyalar bilan jazolaydi", - dedi davlat kotibi.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi bayonotiga ko’ra, Moskva Ukraina chegarasida bu davlatga qarshi hech qanday tadbir ko’rayotgani yo’q.

Germaniya kansleri Angela Merkel Ukrainaga 500 kishilik xalqaro kuzatuvchilar missiyasini yuborishni taklif qilmoqda.

Ukrainada 25-mayga prezident saylovlari belgilangan. Nomzodlar mamlakat aylanib, saylovchilar bilan uchrashmoqda. Sharqiy hududlardan nomzod Oleg Sarev bugun Nikolayev shahrida "O'ng sektor" millatchi radikal guruh tarafdorlari tomonidan kaltaklangan.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG