Breaking News

Ukrainada Rossiyadan norozilik kuchaygan


Rossiyaparast jangarilar. Donetsk. 25-may 2014.
Rossiyaparast jangarilar. Donetsk. 25-may 2014.
Rossiyaning Qrimni o’z hududiga qo’shib olishi va sharqiy Ukrainadagi isyonchilarni qo’llab-quvvatlashi oqibatida Moskvaga nisbatan tanqid kuchaydi. Ommaviy so’rovlarda jamoatchilik Kremlni keskin qoralamoqda.
Ukrainada Rossiyaga qarshilik kuchaygan - Navbahor Imamova
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:07 0:00
Yuklab oling

Sovet Ittifoqi parchalanganidan keyin ko’p yillar davomida aksariyat ukrainaliklar Rossiya bilan yaqin hamkorlik tarafdori edi. Aslida bir davlat bo’lish kerak, deganlar ham bo’lgan. Ammo hozirda fikrlar boshqacha. Kiyevdagi Razumkov markazi o’tkazgan so’rovlar shuni ko’rsatgan.

“Asosiy saboq shundaki, Ukrainadagi vaziyat tubdan o’zgargan”.

Markaz direktori Andriy Bichenko deydiki, bugun xalqning yarmidan ko’pi Yevropa Ittifoqi bilan yaqin hamkorlikni ma’qul ko’radi.

“Buning asosiy sababi Rossiyaning bosqinchilik siyosatidir”,- deydi u.

Hatto ayirmachilar faol bo’lgan sharqiy Ukrainada so’ralganlarning bor-yo’g’i 22 foizi Rossiya bilan, 32 foizi esa Yevropa Ittifoqi bilan yaqin bo’lishni xohlaydi.

Londondan siyosatshunos Igor Sutyagin deydiki, sharqiy Ukrainada jangarilarni qo’llab-quvvatlab Kreml jiddiy muammo yaratdi.

”Bu jangarilar nihoyatda radikal qarashlarga ega. Ular orasida “bizga hech kim xo’jayinlik qilmaydi, qoidalarga bo’ysunmaymiz”, degan kayfiyat kuchli. Qo’lida esa qurol ham bor. Vaziyat shu qadar izdan chiqib ketganki, uni nazorat qila olamiz deb o’ylashsa, xato qilishadi ”,- deydi ekspert.

Ayni vaqtda Rossiya prezidenti oldida yana bir jiddiy muammo turibdi, deydi Sutyagin. Qrim tezda Rossiyaga qo’shib olinganidan keyin sharqiy Ukrainada ham aynan shunday bo’ladi, deganlar ko’p. Ammo harbiy tahlil shuki, aholi bunga jiddiy qarshilik ko’rsatishi mumkin. Igor Sutyagin nazarida harbiy operatsiya katta mablag’ talab qiladi, mintaqaning jiddiy iqtisodiy muammolarini hal etish uchun xarajatlar G’arb sanksiyalari barobarida Rossiyani qiyin ahvolga solib qo’yishi turgan gap. Bunday vaziyatda bosqinchilik rejasini amalga oshirish oson bo’lmaydi.

“Rossiya uchun Qrimni hamlab yutib yuborish juda qimmatga tushmoqda. Ukraina sharqini ham bosib olishning imkoni yo’q. Ammo odamlar shuni kutyapti. Qiyinchiik shunda,” - deydi Sutyagin.

Sharqiy Ukrainada tish-tirnog’igacha qurollangan rossiyaparast bo’lginchilar va chegara bo’ylab joylashtirilgan Rossiya qo’shinlari tasvirlangan videolarni ko’rgan odam urush muqarrar deb o’ylaydi. Albatta, buning ehtimoli hanuz yuqori. Ammo ko’pgina ekspertlar fikricha, iqtisodiy ma’noda, Rossiyaning Ukraina va G’arb bilan munosabatlari jihatidan va harbiy nuqtai nazardan, urush Kreml uchun og’ir masala. Prezident Putin buni yaxshi tushunadi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG