Ukraina prezidenti Rossiyani bosqinchilikda ayblamoqda

  • Amerika Ovozi

Ukraina prezidenti Petro Poroshenko (o'ngda) va Germaniya kansleri Angela Merkel Bryusselda, 30-avgust, 2014-yil

Ukraina prezidenti Petro Poroshenko (o'ngda) va Germaniya kansleri Angela Merkel Bryusselda, 30-avgust, 2014-yil

Ukraina Prezidenti Petro Poroshenko Rossiyani ochiqdan-ochiq bosqinchilikda ayblamoqda. Prezidentning internetdagi sahifasida aytilishicha, Ukraina sharqida so’nggi kunlarda vaziyat keskin o’zgargan.

Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi matbuot kotibi Andrey Lisenkoning aytishicha, Lugansk aeroporti uchun jang qilayotgan ukrainalik harbiylarga chekinish buyurilgan. Lisenkoga ko’ra, ular Rossiya qurolli kuchlari hujumiga uchragan. Rasmiy ma’lumotlarga ko’ra, so’nggi 24 soat ichida ukrainalik yetti zobit halok bo’lgan, 25 nafari yaralangan.

Kecha esa Azov dengizida sohildan amalga oshirilgan artilleriya hujumi natijasida Ukraina sohilbo’yi mudofaa xizmatiga qarashli kater cho’kkan. Sakkiz matros jarohat olgan.

NATO hisobiga ko’ra, Ukraina sharqida isyonchilar safida Rossiyadan mingga yaqin askar jang qilmoqda. Yevropa Ittifoqi Kremldan zudlik bilan qo’shinlarini Ukrainadan olib chiqishni talab qilmoqda. Rossiya Ukrainada harbiylari yo’qligini aytadi.

Bugun Bryusselda NATO Bosh kotibi Anders Fog Rasmussenning muxbirlarga aytishicha, Ukrainada bo’ladigan muddatidan erta parlament saylovlari natijasida mamlakatning NATOga qo’shilishi uchun sharoit tug’iladi.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Sibirga safari chog’ida shu mavzuda gapirib, Yevropa Ittifoqini aql bilan ish qilishga, har ikki tomonga zarar yetkazuvchi sanksiyalardan o’zini tiyishga chaqirdi.

Bugun Minskda Rossiya, Ukraina hamda Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti vakillari ishtirokida muzokaralar bo’lib o’tadi. Isyonchilarning jarayonda qatnashishi mavhum bo’lib qolmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG