Breaking News

Ukraina korrupsiya va Rossiya agressiyasini yenga oladimi?


Kiyevda hukumatga qarshi namoyishlar
Kiyevda hukumatga qarshi namoyishlar

Ikki yil avval Ukraina xalqi bosh ko'targanida maqsad poraxo’r rahbarlardan qutulib, G’arb mamlakatlari kabi demokratik va farovon jamiyat qurish edi. Ammo korrupsiya hamon keng. Islohotlarni amalga oshirishga bel bog’lagan hukumat esa iqtisodni rivojlantirish, qolaversa qo'shni Rossiya ta’siriga qarshi kurashish kabi murakkab vazifalar bilan yuzlashmoqda.

Fevral oyida namoyishchilar poytaxt Kiyevda Rossiya banklariga hujum qilib, aholini yana bir inqilobga chorladi. 2014-yildagi revolyutsiya korrupsiya va tanish-bilishchilikka chek qo’yolmadi.

Bunday namoyishlar Ukraina hali uzoq yo’lni bosib o’tishi kerakligini ko’rsatadi, deydi dunyo bo’ylab korrupsiya va oshkoralikni kuzatib boruvchi “Transparency International” xalqaro tashkilotidan Yevgeniy Chernyak.

“Odamlar g’azabda, chunki Ukraina hukumati, prezidenti va bosh vaziri, xalq fikricha, korrupsiya an’analarini davom ettirmoqda. Maydon inqilobi davomida rahbarlarga aniq talablar qo’yilgan edi: korrupsiyaga chek qo’yilsin. Ammo vaziyat o’zgarmadi”, - deydi u.

G’arbning da’vo qilishicha, Rossiya Ukrainaning isyonchilar nazoratidagi sharqiy hududlarida ahvolni beqarorlashtirishda davom etyapti. So’nggi haftalarda janglar jadallashgan.

“Bu asl vaziyatdan darak beradi, ya’ni berayotgan bayonotlaridan qat’i nazar, Kreml Ukrainadagi vaziyatni beqarorlashitirsh niyatidan qaytmagan, rasmiy Kiyevning Rossiyadan yuz o’girib, G’arb tomon boqishiga yo’l qo’ymoqchi emas”, - deydi Britaniyaning “Genri Jekson jamiyati” tahlil institutidan Endryu Foksol.

Suriyadagi yutuqlaridan ilhomlangan Moskva Ukraina va G’arbga ikki jabhada urush olib borishga qodirligini ko’rsatmoqchi.

Yaqin orada mamlakatda tinchlik o’rnatilishi gumon, deydi ayrim kuzatuvchilar. Rossia tayanchiga ega ayirmachilar hujumlarni jadallashtirmoqda, Ukraina hukumati ularga qarshi kurashar ekan, tinchlik bitimiga rioya qilish ham qiyinlashdi.

Bundan bir yil oldin erishilgan Minsk kelishuvi umidlarga sabab bo’lgan edi, ammo bu umidlar puchga chiqdi. Kiyev shartnomadagi eng asosiy shartlardan biri, ayirmachilar nazoratida bo’lgan hududda saylov o’tkazish shartini bajarganicha yo’q.

“Buning sababi shuki, xavfsizlik bobida sharqiy viloyatlarda ahvol juda og’ir. Rossiyaparast bo’lmagan nomzodning bemalol, hech narsadan qo’rqmay saylovoldi kampaniyasini olib borishining iloji yo’q”, - deydi Foksol.

Tahlilchilarning aytishicha, Ukraina sharqida xavfsizlikka oid vaziyatni yaxshilash Rossiyaga bog’liq. G’arb Moskvani mojaroni to’xtatish niyatida emas deya, ayblab keladi.

Bir necha kun oldin Ukraina hukumatiga ishonchsizlik votumi parlamentda ko’rib chiqildi. Korrupsiya va iqtisodiy qiyinchiliklardan toliqqan xalq orasida umidsizlik kuchaymoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG