Ukraina 10 nafar rus askarini ushlagan

  • Amerika Ovozi

Belarusda Ukraina rahbari Petro Poroshenko va Rossiya prezidenti Vladimir Putin uchrashuvidan bir necha soat oldin Ukraina tomoni o’z hududida qo’lga tushgan rus askarlari tasvirlangan videoni e’lon qildi.

Rasmiy Kiyev da’vosicha, Rossiya sharqdagi mojaroda bevosita ishtirok etayapti va dushanba kuni Donetskda rossiyalik 10 harbiy ushlangan.

Rossiya Mudofaa vazirligidagi manbaning izohiga ko’ra askarlar chegaraning aniq belgilanmagan qismini tasodifan kesib o’tgan.

Bu orada, Poroshenko va Putin bugun Miskda ko’rishayapti. O’rtada mezbon Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko nazarida muloqot Ukrainadagi mojaroni hal qilishi gumon, lekin tinchlik haqida gaplashish uchun yaxshi imkoniyat.

Bir kun oldin Poroshenko Ukraina parlamentini tarqatib yuborib, 26-oktabrda erta saylovlar o’tkazishga chaqirdi. Prezidentning aytishicha, parlamentni ortiqcha unsurlardan tozalash uchun zarur bu.

“Aholining 80 foizi erta saylovlarni yoqlayapti”, - deydi Poroshenko televideniye orqali chiqishida. “Inqilobning asosiy talablaridan biri ham shu edi. Hukumat tarkibini yangilashni talab qilayapti xalq va saylovlar buning eng ma’qul yo’lidir. Bu jarayon eng yirik qonunchilik organidan boshlanishi kerak”, - dedi Poroshenko.

Uning nazarida Ukrainada 2012-yilda o’tgan parlament saylovlari xolis emasdi. Aksariyat aholi qonunchilarga ishonmay qo’ygan. Deputatlarning ko’pi sharqdagi rusparast kuchlarni qo’llab-quvvatlayotgani ham sir emas, dedi prezident.

Dushanba kuni, shuningdek, Ukraina armiyasi janubi-sharqiy chegarada Rossiya tanklari va boshqa zirxli mashinalarni to’xtatib qolgan. Kiyevning bildirishicha, professional harbiylar huddi isyonchiga o’xshab kiyinib olib Ukrainaga o’tmoqchi bo’lgan. Moskvadan bu borada izoh yo’q, biroq Kreml oldindan bu kabi ayblovlarni rad etib keladi.

Oq uyning xavfsizlik bo’yicha maslahatchisi Syuzan Rays kecha Rossiyani Ukrainaga kirishga urinishda ayblab tanqid qildi. Uning aytishicha, Rossiya artilleriyasi, havo mudofaa tizimi, tanklari va harbiylari Ukrainadagi ziddiyatni nihoyatda taranglashtirmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG