Huquq tashkiloti: Ukrainada separatistlar asirdagi askarlarni qatl etgan

  • Amerika Ovozi

“Xalqaro Amnistiya” huquq tashkiloti Ukraina sharqida ro’y bergan jinoyat va qotilliklar haqida yangi isbot-dalillarni qo’lga kiritgan. Bu - hududda gumanitar inqiroz chuqurlashib borayotganidan dalolat.

Tashkilot ko’zdan kechirgan videoda ukrain zobiti Igor Branovitskiyning ushlanishi va so’roq qilinishi aks etadi. U keyinchalik separatistlar qamog’ida o’ldirilgan.

Materiallarda isyonchilar asirga olgan boshqa harbiylarning ham qanday sharoitda saqlanayotgani va peshanasidan otilgan jasadlarning rasmlari bor. Bu zobitlar shu yilning fevralida Debaltsevo shahridagi janglar paytida qo’lga olingan. Jasadlar Donetsk morgida saqlanmoqda, deydi faollar.

“Kiyev Post” gazetasi yaqinda rossiyaparast bo’lginchilar yetakchilaridan biri bilan telefon orqali suhbatlashgan. Bu shaxs 15 ukrain zobitini, jumladan Igor Branovitskiyni otib o’ldirganini da’vo qiladi.

“Xalqaro Amnistiya” Ukrainada qonli mojaro boshlanganidan buyon qayd etilgan vahshiy jinoyatlar tekshirilsin va javobgarlar aniqlansin, deya talab qo’ymoqda.

“Askarlar otib tashlangani urush jinoyatidir, bunga shubha yo’q. O’zini Donetsk Xalq Respublikasining rahbarlari deb tanishtirayotgan odamlar jangchilarga urush qoidalarini va ularga amal qilish shartligini tushuntirsin”, - deydi Denis Krivosheyev, tashkilotning Yevropa va Markaziy Osiyo bo’yicha direktori.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG