Ukrainada kommunizm siymolari taqiqlanmoqda

  • Amerika Ovozi

Sovet Ittifoqi parchalangach yangi mustaqil davlatlar kommunizm siymolaridan voz kecha boshladi. Ayrim hukumatlar hatto yulduz va o’roq-bolg’alarni man qildi. Ukrainada hozir aynan shunday jarayon avjida.


Ukrainaning Lvov shahrida Ikkinchi jahon urushini xotirlash marosimiga qizil bayroqlarni ko’tarib chiqmoqchi bo’lganlar millatchi guruhlarning kuchli qarshiligiga duch keldi. Joriy yilda shahar ma’muriyati kommunizm siymolari barobarida fashistlar belgilarini ham rasman taqiqladi.

Bunday qarorlar Boltiqbo’yi davlatlari, Gruziya hamda Sharqiy Yevropaning kattagina qismida qabul qilingan. Moldovada oktyabrdan boshlab o’xshash qonunlar kuchga kiradi.

Lvov Opera teatri ro’parasida Lenin haykali o’rnida fontan qurildi. Boshqa bir joyda ukrain millatchilari rahbari, sovetlarga qarshi kurashgan Stepan Banderaning haykalini ko’rasiz.

Siyosatshunos Sergiy Kudalianing aytishicha, so’nggi paytlarda milliy qahramonlar sharafiga yodgorliklar qad ko’tarmoqda.

Qiyos - Moskva shahrida Leninga qo’yilgan 100 ga yaqin statuyalarni ko’rish mumkin. Ko’pgina rossiyaliklar Sovet Ittifoqi barqarorlik va farovonlik garovi bo’lgan, deb hisoblaydi.

Aleksandr Vladimir Ilich Lenin obrazini yaratib, tirikchilik qiladi. Sahnada emas, Qizil maydonda. Sayyohlar ko’nglini ovlaydi, dohiy haqida so’zlab beradi.

“Sovet davrida Ukraina jadal sur’atlar bilan rivojlangan. Ham iqtisodiy, ham madaniy jihatdan. O’sha davr o’lkamiz uchun nihoyatda foydali va samarali bo’lgan”, - deydi Aleksandr.

Jurnalist Taras Voznyak fikricha, Rossiya haliyam imperiyacha dunyoqarashdan voz kechgani yo’q.

“Ular o’zini Rossiya imperiyasi, Sovet imperiyasi merosxo’ri deb hisoblaydi. Ukraina esa Sovet an’analarini davom ettirmoqchi emas. Bu bizga to’g’ri kelmaydi”, - deydi suhbatdosh.

Kreml buyurtmasi bilan ishlangan “Match” badiiy filmi yaqinda ekran yuzini ko’rdi. Sovetlarning Ukrainada fashistlarga qarshi kurashi haqida. Asarda ayrim ukrain rahbarlarining fashistlar bilan hamkorlik qilgani tasvirlanadi. Shu bois Ukrainada millatchi guruhlar uni taqiqlashni talab qildi.

Ukrainada sovet bayrog'ining yoqilishi

Ukrainada sovet bayrog'ining yoqilishi

Lvov sobiq meri Vasil Kuybida deydiki, 1930-yillardagi Golodomor, ya’ni Sovet hukumatining qishloq xo’jaligi sohasidagi siyosati natijasida ro’y bergan ocharchilik fashizmdan qolishmaydi.

“Golodomor davrida 10 million odam nobud bo’lgan. Qanchasi qamalgan, otib tashlangan, Sibirga quvg’in qilingan. Millionlab odamlar! Ocharchilik aslida Lenin va Stalinning jinoyati bo’lgan”, - deydi sobiq rasmiy.

Ayrim rossiyaliklar, o’z navbatida, ukrainlarni fashizmda ayblaydi.

O’tgan yili Lvovda fashizm g’oyasini qo’llab-quvvatlovchi guruhlar parad o’tkazgan edi. Uni tashkillashtirgan Svoboda milliy partiyasi shahar kengashida o’z a’zolariga ega.

Ukrainada oktyabrda bo’lib o’tadigan parlament saylovlarida aynan shu guruh g’alabasi kutilmoqda. Shunday ekan, kommunizm siymolari yanada kamayadi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG