G'arb Rossiya va Ukraina diplomatlarini muloqotga chaqiryapti

  • Amerika Ovozi

AQSh davlat kotibi Jon Kerri Kiyevda Ukraina muvaqqat prezidenti Oleksandr Turchinov (chapda) va bosh vazir Arseniy Yatsenyuk bilan uchrashmoqda, 4-fevral, 2014-yil

AQSh davlat kotibi Jon Kerri Kiyevda Ukraina muvaqqat prezidenti Oleksandr Turchinov (chapda) va bosh vazir Arseniy Yatsenyuk bilan uchrashmoqda, 4-fevral, 2014-yil

G’arb davlatlari Qrimdagi vaziyatni tinch yo’l bilan hal qilish maqsadida Ukraina va Rossiya rasmiylarini muloqotga chorlamoqda.

Britaniya tashqi ishlar vaziri Uilyam Xeygning aytishicha, AQSh va uning mamlakati diplomatik harakatlarga zo’r bermoqda.

Bugun Parijda Budapesht shartnomasi guruhi a’zolari uchrashgan. Rossiya tashqi ishlar vaziri majlisda qatnashmadi.

1990-yillarda qabul qilingan bitimga ko’ra, Ukraina Sovet Ittifoqidan qolgan yadro qurollaridan voz kechishi evaziga AQSh, Britaniya va Rossiya uning territorial yaxlitligini kafolatlashga so’z bergan.

Xeyg Rossiya va Ukraina vazirlarini uchrashtirishga harakat qilayotganini aytadi.

"Agar diplomatik jabhada olg’a siljish bo’lmasa, Rossiyaga bosim qo’yiladi, oqibatlari yaxshi bo’lmaydi, Yevropa davlatlari bilan aloqalari zarar ko’radi", - deydi u.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bugun Parijda AQSh Davlat kotibi Jon Kerri bilan uchrashgan.

G’arb mamlakatlari Rossiyadan Qrimdagi qo’shinlarini o’z bazalariga qaytarishni talab qilmoqda. Prezident Vladimir Putinning matbuot anjumanida aytishicha, Qrimda Rossiyaning qo’shini yo’q.

“Harbiy formada yurgan odamlar mahalliy aholidan tuzilgan mudofaa drujinalaridir, Rossiya Qora dengiz floti harbiylari esa o’z xizmat joyida”, - dedi Lavrov.

Bugun Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti harbiy kuzatuvchilari Qrimga kirmoqchi bo’ldi, biroq mahalliy hukumat ularni yarimorolga qo’ymayapti.

Bugun Ukraina Oliy Radasida NATOga a’zo bo’lish haqidagi qonun loyihasi muhokamaga kiritildi.

Yevropa Ittifoqi Ukrainaga kelasi ikki yilda 15 milliard dollar berishi mumkinligini aytmoqda. Biroq buning uchun hukumat saylovlardan so’ng barcha siyosiy kuchlarni o’z ichiga olishi, ayrim islohotlarni amalga oshirishi kerak bo’ladi.

Jon Kerri kecha Kiyevda bo’lib, AQSh nomidan bir milliard dollar miqdorida yordam va’da qildi.

Uning aytishicha, 21-asrda mamlakatlar bir tomonlama kuch ishlatishdan o’zini tiyishi, boshqa davlatlar suverenitetini hurmat qilishi zarur.

Prezident Barak Obamaga ko’ra, Rossiya Ukrainaga qo’shin kiritib, xalqaro qonunni buzmoqda.

"Rossiyaning qo’shni davlatda qonuniy manfaatlari borligini tan olamiz, ammo unga ta’sirini o’tkazish uchun harbiy kuch ishlatish to’g’ri emas", - dedi Obama.

Prezident Putinning aytishicha, uning davlati Ukrainadagi ruslarni himoya qilishga haqli.

BMTning Ukraina bo'yicha maxsus vakili Robert Serri Qrimda Rossiya kuchlari va rusparastlar tomonidan tahdid bilan yuzlashganini aytmoqda.

"Menga nisbatan bosim Qrimda vaziyat qanchalik tang ekanini namoyon etadi. Ahvol juda qaltis. Kim kim ekanini kiyimidan bilish qiyin. Rossiya kuchlarini tanish oson emas. Ularni faqat xatti-harakatiga qarab kim ekanini bilamiz xolos. Avvalo Qrimda bir-biriga qarshi tomonlarni bir davraga olib kelib, ular bilan gaplashib olish kerak. Qrim hokimiyati va Kiyevdagi markaziy hukumat orasida muzokara boshlash lozim",- deydi u.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG