Timoshenkoga hamdard Yevropa mutasaddilari Ukrainaga qadam bosmaydi

  • Amerika Ovozi

Sobiq bosh vazira Yuliya Timoshenko qamoqda

Sobiq bosh vazira Yuliya Timoshenko qamoqda

Yevropa Ittifoqining yuqori lavozimli rasmiylari Ukrainada sobiq bosh vazira Yuliya Timoshenkoning qamalgani va hibsxonada unga nisbatan salbiy muomalaga norozilik bildirib, respublikaga safarlarini bekor qilmoqda.

Jumladan, Yevropa Komissiyasi prezidenti Joze Manuel Barrozo ittifoq adliya komissari Vivian Reding ketidan Ukrainada iyun oyida futbol bo'yicha qit'a birinchiligining ochilish marosimiga bormasligini aytgan.

Germaniya kansleri Angela Merkel ham Yevro-2012 musobaqasining barcha o'yinlarini boykot qilishi mumkinligi haqida ogohlantirib, o'z vazirlariga ham shuni tayinlagan.

Yevropa chempionati bu yili Polsha va Ukrainada o'tadi. Bugun, shuningdek, Chexiya prezidenti Vatslav Klaus Markaziy Yevropa davlatlari rahbarlarining 11-12-mayda Yaltada bo'ladigan sammitiga bormasligini aytgan. Anjumanda Germaniya prezidenti Yoaxim Gauk ham shu sabab bo'lmaydi.

Yuliya Timoshenko 2009-yilda lavozimini suiiste'mol qilib, Rossiya bilan gaz shartnomasini qo'shni davlat foydasiga hal qilganlikda aybdor deb topilib, o'tgan yili yetti yilga qamalgan edi. Hozir esa unga qarshi yana bir ish ko'rilmoqda.

Soliq to'lashdan bo'yin tovlagani isbotlansa, qamoq muddati 12 yilgacha uzaytirilishi mumkin. Timoshenko barcha ayblovlarni rad etib, prezident Viktor Yanukovichning unga qarshi siyosiy kampaniyasi deya tushuntirmoqda.

Bir haftadan oshdiki, sobiq bosh vazira ochlik e'lon qilgan. Uning aytishicha, qamoqxona qo'riqchilari uni kaltaklashgan.

Uni ko'rikdan o'tkazgan germaniyalik shifokorlarning aytishicha, Timoshenkoni Ukrainada davolash mumkin emas. Ammo rasmiy Kiyev uning mamlakatdan chiqishiga qarshi.

Inson huquqlari bilan shug'ullanuvchi Xalqaro Amnistiya tashkiloti Ukraina hukumatidan Yevro-2012 dan oldin huquq-tartibot organlari xodimlari zulmiga chek qo'yishni talab qilmoqda.

21-aprel kuni Lvov shahrida olti militsioner ikki kishini kaltaklab, o'margan. Shaharda Yevropa chempionatining uch matchi o'tkaziladi.

Xalqaro Amnistiya rasmiyi Kiyevdan mustaqil komissiya tuzib, militsionerlar ustidan tushgan shikoyatlarni tergov qilishga da'vat etmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG