Ukraina sharqida sulh jar yoqasida turibdi

  • Amerika Ovozi

O'tgan hafta Minskda erishilgan sulh buzilishi mumkin. Ukraina hukumati va sharqdagi isyonchilar bir-birini artilleriyadan o'qqa tutmoqda.

Isyonchilar Debalsevoda qurshovga tushgan askarlardan qurollarini tashlab qishloqni bo'shatishni talab qilmoqda. Separatistlar hududni o'ziniki deya da'vo qilmoqda. Ammo Ukraina Mudofaa vazirligi taklifni rad etgan.

Hukumat Debalsevoni isyonchilarga topshirmoqchi emas.

"Askarlar qurshovdan chiqishga qodir", - deydi hukumat vakili Vladimir Polevoy.

Tomonlar Minskda erishilgan sulh shartlariga ko'ra, og'ir qurollarini mojaro zonasidan bugun tunda olib chiqa boshlashi lozim, biroq bunday bo'lishi hozir savol ostida.

Minskdagi muzokaralarga homiylik qilgan Germaniya kansleri Angela Merkel tomonlarni kelishuvni buzmaslikka chaqirdi, biroq Debalsevodagi vaziyatni hisobga olganda vaziyat juda qaltis, deya tan oladi u.

Debalsevo Donetsk va Lugansk viloyatlarini bir-biriga temiryo'l bilan ulovchi strategik joy bo'lib, isyonchilar har ikki viloyatda mahkam o'rnashib olgan.

"Qishloqni Ukrainaga berib qo'ymaymiz. U bizning yerimiz", - deydi isyonchilardan biri.

Bu o'rtada Moskvani isyonchilarga yordam berayotganlikda ayblayotgan Yevropa Ittifoqi Rossiya mudofaa vazirining ikki o'rinbosarini qora ro'yxatga kiritgan. Ittifoqning yangi sanksiyasi jami 19 shaxs va to'qqiz tashkilotni nishonga olgan. Ularning Yevropadagi mulklari muzlatilib, qit'aga kirishi taqiqlanadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG