Debalsevoda minglab aholi ikki o't orasida qolgan

  • Amerika Ovozi

Tomonlar og'ir qurollarini mojaro zonasidan chiqarishdan bosh tortmoqda

Tomonlar og'ir qurollarini mojaro zonasidan chiqarishdan bosh tortmoqda

Ukraina armiyasi va sharqdagi isyonchilar o'tgan hafta Minskda imzolangan sulh shartlarini bajarishdan bosh tortmoqda. Tomonlar bir-birini hujumlarda ayblab, og'ir qurollarini mojaro zonasidan chiqarmoqchi emas.

Kuzatuvchilarga ko'ra, yakshanbadan beri harbiy harakatlar ancha tingan, biroq Donetsk oblastini Luganskka ulovchi Debalsevo shahri uchun janglar davom etmoqda. Isyonchilar har ikki viloyatda faol.

Debalsevo ayni damda Ukraina armiyasi qo'lida, biroq qo'shinlar isyonchilar qurshoviga tushgan.

Mudofaa vazirligi vakili Anatoliy Stelmaxning aytishicha, isyonchilar o'q yog'dirishni bas qilishi bilan armiya og'ir qurollarini hududdan olib chiqa boshlaydi.

Isyonchilar rahbarlaridan biri Denis Pushilin Debalsevoni "ona tuprog'imiz va uni himoya qilishga haqlimiz" demoqda.

Qurshovga tushgan Ukraina armiyasiga qurollarini topshirib, Debalsevoni tark etish taklif etilgan, biroq Mudofaa vazirligi taklifni rad etgan.

Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti sulh ijrosini nazorat etmoqda, biroq isyonchilar tashkilot vakillarini Debalsevoga qo'ymayapti.

AQSh vaziyatdan xavotirda. Davlat departamenti bayonotiga ko'ra, isyonchilar 129 bor sulhni buzgan.

Yevropa Ittifoqi Rossiyani isyonchilarga yetarlicha bosim qo'ymayotganlikda ayblab, unga qarshi yangi sanksiyalar joriy etgan. Kreml javob choralarini hozirlamoqda.

BMTning Inson huquqlari bo'yicha idorasiga ko'ra, Debalsevoda minglab aholi ikki o't orasida qolib ketgan, aksariyat odamlar yerto'lalarda jon saqalamoqda.

"Ular oziq-ovqat, ichimlik suvi, boshqa narsalarga muhtoj", - deydi idora vakili Rupert Kolvil.

Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti mojaro kechayotgan zonalarda sog'liqni saqlash tizimi ishdan chiqqanini, tibbiy muassasalar hujumga uchrayotganini, dori-darmon tanqisligini bildirmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG