Breaking News

Yuliya Timoshenkoning qizi siyosiy kurashni davom ettirmoqchi


Ukrainada 28-oktabrda o’tadigan parlament saylovlari uchun kampaniya boshlab yuborildi. Ammo unda muxolifatning eng yorqin namoyandasi qatnasha olmaydi.



O’tgan yilning fevralida “Amerika ovozi” Ukraina prezident saylovlarini atigi uch foiz ovoz bilan yutqazgan Yuliya Timoshenko bilan suhbatlashgan edi. Oradan 1,5 yil o’tib, muxbirimiz uning Kiyevdagi siyosiy idorasiga qaytib bordi.

Sobiq bosh vaziraning ofisida hech narsa o’zgarmagan, faqat u yerda hozir uning 32 yoshli qizi Yevgeniya Timoshenko o’tiribdi. Oppozitsiya yetakchisi Yuliya Timoshenkoning o’zi bir yildan beri qamoqda.

“Ukrainada diktatura keng qanot yozmoqda. Buni hamma biladi, bosim va qo’rquvni sezib turibmiz. Lekin to’xtata olmayapmiz”, - deydi Yevgeniya.

Uning onasi 2009-yilda Ukraina bosh vaziri bo’lgan davrda lavozimini suiiste’mol qilganlikda ayblanib, 7 yilga qamalgan. Avgust o’rtalarida Yuliya Timoshenko yana sud zaliga qaytib, 15 yil oldingi korrupsiyaga aloqador bir ish bo’yicha savollarga javob berishi kerak. Ana undan so’ng prokurorlar qotillik bo’yicha yana bir jinoiy ish ochmoqchi.
Yevgeniya Timoshenko
Yevgeniya Timoshenko

Asabiylashish oqibatida Timoshenko kasalxonaga tushdi. Qizi Yevgeniya Londondan Kiyevga qaytib, onasini ozod etish uchun kampaniya boshladi.

“Onamni hukumat nazoratidagi kasalxonada saqlashyapti. Shifokorlar, qolaversa prokuror-sudyalarga ham yuqoridan yo’l-yo’riq beriladi. Uning hayoti xavf ostida, binodan chiqishga, biror kishi bilan uchrashishga yo’l qo’yishmaydi”, - deydi u.

Ko’pchilik nazarida, repressiyani buyurgan Ukraina prezidenti Viktor Yanukovichdir. Aytishlaricha, u 2004-yilgi saylov mag’lubiyatidan haligacha alamda va Yuliya Timoshenkoni bosh raqibi deb biladi.

Siyosatshunos Oleksiy Xaran fikricha, Yanukovich 2004-yilda o’zini haqoratlangan va xo’rlangan deb his etib, shu tariqa oppozitsiyadan o’ch olmoqda.
Sobiq Bosh vazira Yuliya Timoshenko bir yildan beri qamoqda
Sobiq Bosh vazira Yuliya Timoshenko bir yildan beri qamoqda

Ommaviy so’rovlar natijasiga ko’ra, bir yildan beri qamoqda o’tirgan Yuliya Timoshenkoning el orasida shuhrati baland. Uning tarafdorlari oktabrda o’tadigan parlament saylovlariga tayyorgarlik ishlarini boshlab yubordi.

Alla Nedelka Kiyev markazida chodir qurib, o’tgan-ketgandan imzo yig’moqda.

“Prezident Yanukovichga yagona jiddiy raqobat u. Shuning uchun Timoshenkoni ham ruhan, ham jismonan ezishga bel bog’lashgan”, - deydi faol.

Yevgeniya Timoshenkoning otasi quvg’inda, Pragada. Onasi olis bir viloyatda sud qilinmoqda. Ammo u siyosiy kurashni davom ettirmoqchi. Ukraina Yevropada aholi soni bo’yicha oltinchi o’rinda turadi. O’lkada demokratiya kelajagi savol ostida.

XS
SM
MD
LG