Navi Pillay: Samolyotni qulatish harbiy jinoyatga tenglashishi mumkin

  • Amerika Ovozi

BMTning inson huquqlari bo’yicha oliy komissari Navi Pillay so’zlariga ko’ra, Ukraina sharqida Malayziya samolyotining urib tushirilishi harbiy jinoyat toifasiga kirishi mumkin.

Pillay bugun e’lon qilgan bayonotda yo’lovchi samolyotini o’qqa tutish xalqaro qonunlarga ziddir, deyiladi. BMT mulozimi voqeani tezkorlik bilan, izchil, mustaqil ravishda tergov qilishga da’vat etayapti.

Ukrainadagi mojaroda xalqaro qonunlarni oyog’osti qilayotgan, harbiy jinoyatlarni sodir etayotgan taraflar qayerda bo’lmasin, jazosini oladi, deydi Navi Pillay.

Bu orada, samolyot qulagan joyda olishuvlar ro’y berib, xalqaro tergovchilar hududni tark etishga majbur bo’lgan. Niderlandiya va Avstraliya mutaxassislaridan iborat guruh bugun ham o’sha yerga qaytishga urinayotgani ma’lum.

Shuningdek, Davlat departamenti kecha sun’iy yo’ldosh orqali olingan suratlarni e’lon qilgan. Departament rasmiylarining aytishicha, unda Rossiya harbiylari Ukraina sharqiga raketa otayotganini ko’rish mumkin. Amerika ekspertlarining so’zlariga ko’ra, bu suratlarda bir necha raketani otishga qodir qurilma Rossiyadan turib ishga solinganini ko’rasiz.

Moskva bu borada biror izoh berganicha yo’q. Ayni paytda chegaradagi Donetsk shahrida Rossiyaga xayrixoh bo’lginchilar va Ukraina harbiylar o’rtasida olishuvlar avjida.

Davlat kotibi Jon Kerri, bu orada, Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovga qo’ng’iroq qilib, chegarada to’qnashuvlarni to’xtatishga undadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG