Pentagon: Qrim Ukrainaga qaytarilishi kerak

  • Amerika Ovozi

Rossiya Qrimni o’z hududiga qo’shib olganidan ikki yil o’tib, xalqaro hamjamiyat e’tiroziga qaramay, yarimorol Moskva nazoratida qolmoqda, Ukraina sharqida esa janglar jadallashgan. “Amerika Ovozi” AQSh Mudofaa vazirligida Rossiya va Yevrosiyo masalalari bo'yicha mas’ul Maykl Karpenter bilan suhbatlashdi.

“Amerika Ovozi”: Qrimni Ukrainaga qaytarish yo’lida nimalar qilindi va nima qilish mumkin?

Maykl Karpenter: Mazkur tashabbus (buning uchun byudjetning 2017-moliya yilida to’rt baravar oshirilib, 3,4 milliardga yetishi) Yevropa sharqdan kelayotgan tahdidni juda jiddiy qabul qilishidan dalolat beradi. Bu NATO bo’yicha hamkorlarimiz xavfsizligiga sarmoya. Mablag’ qo’shimcha jihoz, mushtarak harbiy mashqlar, NATO qo’shinlari tayyorgarligini oshirish, infratuzilmani yangilash kabilarga sarflanadi. Ammo asosiysi shundaki, AQShning NATO bo’yicha hamkorlari sharqdan tahdidga nihoyatda jiddiy yondashmoqda.​

MK: Qrim bir kunda hal bo’ladigan muammo emas va biz buni bilgan holda yondashyapmiz. Lekin bir narsani ta’kidlab o’tmoqchiman: Rossiya Qrimni o’z hududiga qo’shib olishi qonunga zid holat. Kreml xalqaro huquq tamoyillarini, xususan, davlat suverenitetiga hurmat, chegaralar daxlsizligi va hudud yaxlitligi kabi tamoyillarni buzdi. Biz Rossiyaga nisbatan kiritgan ayrim sanksiyalar ham aynan shuni inobatga oladi va kelajakda ham davom etadi.

“Amerika Ovozi”: Ayrim ukrainaliklar orasida AQSh Qrimni boy berdi, yarimorol uchun yetarlicha kurashmadi, degan fikr bor. Bunga nima deysiz?

MK: Yo’q, biz Qrimni boy bermadik, bu masalada chekinmadik ham. Ayni vaqtda biz muammo harbiy yo’l bilan hal qilinmasligini tan olamiz. Biroq so’nggi ikki yilda biz Rossiyaga nisbatan juda katta diplomatik bosim o’tkazdik, iqtisodiy sanksiyalar joriy etdik. Yevropadagi hamkorlarimiz ham shunday qildi. Bu sanksiyalar jahon bozorida neft narxining pasayishi baravarida Rossiya iqtisodiga jiddiy zarar yetkazdi.​

“Amerika Ovozi”: O’tgan yil avgustidan keyin janglar biroz kamaygan edi, bu yil boshida esa yana jadallashdi. Ukraina sharqida hozirgi vaziyat qanday?

MK: Afsuski, zo’ravonliklarning ko’payishi kuzatilyapti. 15-fevral kuni rossiyaparast ayirmachilar Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti kuzatuvchilarini o’qqa tutmoqchi bo’ldi. Ular Donbassga kiritilmadi. O’tgan yilgi Minsk shartnomalaridan buyon Ukraina armiyasining 430 askari halok bo’ldi. Demak, sentabrda kuchga kirgan sulh mukammal emas va tez-tez buzilyapti. Bu bizni jiddiy tashvishga solmoqda.

“Amerika Ovozi”: Bunda Rossiya roli qanday?

MK: Men bir narsani qat'iyat bilan aytmoqchiman. Rossiya Ukraina sharqidagi ayirmachilarni to’la nazorat qiladi, u yerga katta miqdorda qurol-aslaha yetkazyapti. Biz Ukraina sharqida Rossiya qo’shinlari bor, degan fikrdamiz. Donbassdagi ayirmachilar uchun mashqlar o'tkazib, ularning harakatlarini nazorat qiladi. Ya’ni bu Rossiya tufayli vujudga kelgan muammo, Donbassda o’zidan o’zi paydo bo’lgan vaziyat emas.

“Amerika Ovozi”: AQSh Ukrainaga ko’rsatayotgan yordamda batafsil to’xalsangiz.

MK: Mojaro boshlanganidan beri AQSh Ukraina xavfsizligi uchun 265 million dollar ajratdi. Biz, shuningdek, yuqorida aytganimdek, Ukraina harbiylari uchun mashqlar uyushtiramiz. Mablag’ radarlar, tunda ko’rish uchun jihozlar, maxfiy aloqa uchun jihozlar, harbiy avtomobillar, patrul qayiqlarga sarflandi. Maqsadimiz - Ukraina armiyasining mudofaa qudratini oshirish.

“Amerika Ovozi”: Biroq bu yordam Ukraina armiyasini o’qotar qurollar bilan ta’minlashni nazarda tutmaydi, shundaymi? Ukrainada yoki unga yaqin hududlarda raketalarga qarshi tizimlarni o’rnatishni-chi?

MK: Biz azaldan Donbassdagi mojaroni jang maydonida emas, balki diplomatiya va iqtisodiy sanksiyalar orqali hal qilish kerak deb kelamiz. Minsk shartnomasi to’la bajarilmagunicha sanksiyalar bekor qilinmaydi. Bu masalada xalqaro hamjamiyat, xususan, Yevropadagi hamkorlarimizning tayanchi kuchli. Ukrainaga xavfsizlik bobida yordamni to’xtatmaymiz, chunki biz bu kuchlar mamlakatni o’zi himoya qila olishini istaymiz. Biroq ularni o’qotar qurol bilan ta’minlash, ayniqsa aksil-raketa tizimlarini o’rnatish rejasi yo’q. ​

“Amerika Ovozi”: Ukraina qo’mondonlari bizga qurol-aslaha kerak, axir, biz Rossiyaga qarshi jang qilyapmiz, desa-chi?

MK: Gap shundaki, so’nggi 20 yilda Ukraina harbiy kuchlarini korrupsiya va samarasiz boshqaruv, e’tiborning yo'qligi va resurslar tanqisligi kabi muammolar yemirdi. Shu bois Rossiya qo’shinlari bostirib kirganida Ukraina armiyasi o’zini himoya qilolmadi. Bu muammolarni hal etish maqsadida biz nafaqat treninglar tashkil etdik, balki Mudofaa vazirligiga maslahatchilarni yubordik, qo’shma xalqaro komissiya tuzib, mudofaa tizimini, qo’mondonlikni isloh qilishda yordam beryapmiz, ya’ni Ukrainaning mudofaa tizimi va qudratini oshirishda katta ish qilindi va bu ishlar davom etadi.

AQSh Mudofaa vazirining Rossiya va Yevrosiyo uchun mas’ul yordamichisi Maykl Karpenter bilan suhbatni ingliz tilida quyida tomosha qilishingiz mumkin:

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG