Breaking News

AQShdagi ukrainaliklar Qrimdagi vaziyatdan xavotirda


NATO bilan harbiy mashqlarda ishtirok etgan Ukrainaning Getman Sagaydachniy harbiy kemasi Qora dengizdagi Odessa portiga qaytmoqda, 6-mart, 2014-yil.
NATO bilan harbiy mashqlarda ishtirok etgan Ukrainaning Getman Sagaydachniy harbiy kemasi Qora dengizdagi Odessa portiga qaytmoqda, 6-mart, 2014-yil.
Nyu-Yorkda istiqomat qiluvchi ukrainaliklar Rossiya askarlarining Qrimdagi tartibsizliklarga aralashganidan xavotirda. Ular Ukraina hududiy yaxlitligining xavf ostida qolayotgani yuzasidan tashvish izhor qilmoqda.
Nyu-Yorkdagi ukrainaliklar, Behzod Muhammadiy
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:38 0:00
Yuklab oling
Nyu-York shahridagi “Vesyolka” restorani ukrainaliklar tez-tez yig’iladigan joy. Bu yerda kechlik qilayotgan Pavlo Kaydan 7000 km olisdagi vatanida ro’y berayotgan voqealarni og’riq bilan kuzatayotganini aytadi.

“Har kuni u yerga 2-3 marta telefon qilib, vaziyat qanday ekanini so’rab turibman. Chunki har kuni onam bugun-erta telefonni, internetni uzishsa kerak, deb aytyapti. Nima bo’lishini oldindan bilib bo’lmaydi. Shuning uchun tashvishdamiz”, - deydi u.

O’tgan hafta Kiyevdan kelgan Vitaliy Desyatmichenko so’nggi voqealar uni karaxt qilganini aytadi.

“Vaziyat tushunarsiz. Chunki Rossiya Qrimdagi ruslarni himoya qilaman deb Ukrainaga armiya olib kirdi. Men bilganim shuki, Ukrainadagi ko’plab rusiyzabon aholi Yevropa ittifoqiga qo’shilish tarafdori. Ular Rossiya tarkibiga kirishni istamaydi”, - deydi u.

Amerikadagi ukrainlar kongressi prezidenti Tamara Oleksiy Amerika yetakchilarini zarur choralar ko’rishga chaqiradi.

“Avvalo, ular Rossiyaga nisbatan keskin e’tiroz bildirishlari kerak. Ikkinchidan, yaqinda Sochida bo’ladigan “Katta sakkizlik” yig’inidan unumli foydalanish lozim. Ular, dastlab, bu sammitni boykot qilib, so’ng Rossiyani undan chiqarib tashlashlari zarur. Rossiya xalqaro normalarning barcha qoidalariga zid ish tutdi”, - deydi Amerikadagi ukrainlar jamiyati yetakchisi.

Oleksiy jazo choralarini ham qo’llash kerak, degan fikrda.

“Viza cheklovlarini joriy etib, Rossiya yetakchilarining xorijdagi mablag’larini muzlatib qo’yish kerak”, - deydi u.

Nyu-Yorkdagi Ukraina muzeyi vakili Hanya Kril Pizurga ko’ra, Vladimir Putin hokimiyatda ekan, eng og’ir sanksiyalar ham foyda bermaydi. Putinning maqsadi Ukrainani Moskva nazorati ostiga o’tkazish, deydi Pizur.

“Kremlda Ukrainani nazorat qilish va uni o’z ittifoqi ichiga olish xohishi kuchli ekan, ukrainaliklar nima qilib bo’lsa ham o’z mustaqilligini saqlab qolishga urinadi. Bu yerda bir-biri bilan aslo kelisha olmaydigan ikki g’oya o’rtasida kurash ketyapti. Bu narsa urushga olib borishi hech gap emas”, - deydi u.

Ziddiyatlar kuchayishda davom etmoqda. 4-mart kuni Putin harbiy hujumga faqat so’nggi chora sifatida qo’l urilishini ta’kidladi. Ayni paytda xorijdagi ukrainaliklar vaziyatni yaqindan kuzatishda davom etmoqda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG