Breaking News

Yatsenyuk BMTga: Rossiya qilmishlari uchun javob berishi kerak


Simferopol, 13-mart
Simferopol, 13-mart
Rossiya Ukraina bilan chegaradosh hududda harbiy faoliyat olib borar ekan, Kiyevda prezident Oleksandr Turchinov bu davlatni bosqinchilikda ayblashda davom etmoqda.

Moskvada Rossiya Mudofaa vazirligi harbiy harakatlar olib borilishi, unda piyoda va havo kuchlari qatnashishini tasdiqlamoqda.

Sal oldin NATO Rossiya yaqinida jangovar samolyotlari va kuzatuvchi vositalarini mash qilishi haqida e'lon qilgan edi.

Vashingtonda AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Kongressga hisobot berar ekan, Ukraina hududiy yaxlitligi xavf ostida qolmoqda va Rossiya Qrimga 20 ming qo'shin kiritib, xalqaro qonunlarni buzayapti, dedi. Kremlning bu qarori asossiz, dedi u senatorlarga qarata.

Ukraina Bosh vaziri Arseniy Yatsenyuk Nyu-Yorkda BMT huzurida so'zlar ekan, kecha Vashingtonda prezident Barak Obama bilan uchrashuvda aytgan gaplarini takrorladi: "Rossiya hududimizga bostirib kirib, yana buni ochiq tan olmay, fuqarolarimizni Ukraina davlatiga qarshi qayrab, tinchligimizni buzmoqda va kelajagimizga tahdid solmoqda. Xalqaro hamjamiyat bunday adolatsizlikka qarab turmasligi kerak".

Yatsenyuk BMT Xavfsizlik kengashida gapirgan va Bosh kotib Pan Gi Mun bilan muloqot qilgan. Kengash Rossiyani qoralab, rezolyutsiya qabul qilishi mumkin. Lekin Rossiyaning o'zi bu organning doimiy a'zosi.

AQShning nufuzli senatori, respublikachi Jon Makkeyn Kiyevda. U boshliq delegatsiyaning bildirishicha, Amerika xalqi bu og'ir kunlarda Ukraina xalqini tashlab qo'ymaydi. "Erkinlik, demokratiya va suverenitetingizni quvvatlaymiz va siz bilan yonma-yonmiz",- deydi Makkeyn jamoatchilik bilan uchrashar ekan.

AQSh va Yevropa Ittifoqi Rossiyaga: Ukrainadan qo’shinlaringizni olib chiqing!

Kuzatuvchilar fikricha, bu ogohlantirishlar Qrim respublikasida yakshanba kungi referendumni to’xtata olmaydi. Ammo Rossiya sobiq sovet imperiyasining boshqa hududlariga ko’z olaytirmasligi uchun keskin choralar ko’rmoq lozim, deydi ular.

Ukraina: Rossiya qilmishlari uchun javob berishi kerak/Shohruh Hamro
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:57 0:00
Yuklab oling

Rossiyaning bildirishicha, referendum oldidan xalqaro diplomatik sa’y-harakatlar jadallashgani hech narsani o’zgartirmaydi, qrimliklar kim bilan bo’lishni o’zi hal qiladi.

Siyosiy sharhlovchi Piter Yeltsov fikricha, Qrim bundan keyin qanday nomlanishidan qat’i nazar Ukraina mintaqani boy berib bo’ldi. Endi Kiyev boshqa hududlarini qo’ldan chiqarmasligi kerak.

“Ukraina hukumatining eng katta xavotiri shu – Putin endi sharqiy hududlarni bosib olishga tayyorgarlik ko’rayotgan bo’lishi mumkin. Albatta, hammasi siyosiy vaziyatga bog’liq. Hozir Qrim va Rossiyani bog’lab turadigan biror yo’l-ko’prik yo’qligini ham esdan chiqarmaylik”,- deydi Yeltsov.

AQSh Tashqi siyosati kengashidan Stiven Blank ham shu fikrda. U Rossiyaning agressiv harakatlariga munosib javob bera olmaganlikda Yevropa Ittifoqini ham ayblaydi.

“G’arb davlatlari uyushgan holda Rossiyaga iqtisodiy sanksiya qo’ygani yo’q. Ukraina o’zini mudofaa eta olishi uchun unga strategik harbiy yordam ham ko’rsatilmadi. Men Putinning o’rnida bo’lsam, xotirjam yurgan bo’lardim, chunki uni jazolash uchun G’arb ko’rgan choralar jiddiy emas. Mufoviqlashgan holda harakat bo’lmayapti”,- deydi Blank.

Ukraina Bosh vaziri Arseniy Yatsenyuk yaqinda Vashingtonda bo’ldi. Tashrifdan ikki maqsad ko’zlangan. Birinchisi, Amerikadan iqtisodiy ko’mak olish. Ikkinchisi, Rossiyaning Ukrainaga yurishni davom ettirishini bartaraf etish.

Obama va Yatsenyuk, Vashington, 12-mart, 2014
Obama va Yatsenyuk, Vashington, 12-mart, 2014
Piter Yeltsov deydiki, hozircha Ukraina sharqidagi rusiyzabon aholi Kreml qarorlarini yoqlamayapti, lekin vaziyat bir pasda o’zgarishi mumkin.

“U yoki bu elat va e’tiqodga mansublik o’zgaruvchan narsa. Odamlar vaziyatga qarab moslashib ketaveradi. Sobiq Yugoslaviyada urush paytidagi voqealar bunga misol. Mish-mishlar, siyosiy vaziyat va urushda kimning qo’li baland kelayotganiga qarab bir kechada qarorlar qabul qilinadi, omma kayfiyati o’zgaradi”,- deydi Yeltsov.

Putin Rossiya imperiyasini tiklagan va uning qudratini oshirgan rahbar sifatida nom qoldirmoqchi, deya mulohaza yuritadi Yeltsov. U ruslar yashovchi boshqa mintaqalarni, masalan Qozog’istonni ham o’ziga bo’sundirishga harakat qilishi mumkin , deydi u.

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Rossiya xalqaro qonunlarni buzmoqda deydi
AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Rossiya xalqaro qonunlarni buzmoqda deydi
“Hozirgi siyosiy sharoitdan kelib chiqib gapiradigan bo’lsak, Putin Qozog’iston shimolini bosib olishi ehtimoli yo’q emas. U yerda ham asosan ruslar yashaydi. Albatta, bu oson ish emas”,- deydi Yeltsov.

Olim fikricha, ayrim zaif davlatlarda NATO bazalar ochib qo’ysa, Rossiya qaltis ishlarga qo’l urmaydi. Masalan, NATOga a’zo Latviya, Litva va Estoniyada minglab ruslar yashasa-da, Rossiya ularni bosib olishga jur’at etmagan bo’lardi.

“Biror harbiy ittifoqqa kirmagan, o’z armiyasisi zaif va qarzga botgan mamlakatlarga hujum qilish ham oson”,- deydi Yeltsov.

Obama ma’muriyati Ukraina suverenitetiga raxna solgan shaxslarga qarshi sanksiya, jumladan viza cheklovlari joriy etdi. Yevropa Ittifoqi esa Rossiya bilan vizasiz rejimga o’tish hamda yangi savdo bitimi imzolashga doir muzokaralarni to’xtatib qo’ydi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG