Yanukovich qidiruvda, Rossiya yangi hukumatni tan olmayapti

  • Amerika Ovozi

Ukraina muvaqqat prezidenti, Oliy Rada spikeri Oleksandr Turchinov, 22-fevral, 2014-yil

Ukraina muvaqqat prezidenti, Oliy Rada spikeri Oleksandr Turchinov, 22-fevral, 2014-yil

Ukraina prezidenti Viktor Yanukovichning qayerdaligi hamon noma’lum ekan, Ichki ishlar vazirligi uni qidiruvga bergan. Yanukovich va yana bir necha rasmiy namoyishchilarga qarshi zo’ravonliklarda ayblanmoqda. Vaqtincha ichki ishlar vaziri lavozimini bajarayotgan Arsen Avaxovning aytishicha, uni so’nggi bor Qrimda ko’rishgan.

Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat bo’yicha mas’ul rasmiysi Ketrin Eshton bugun Ukrainada. Ittifoqqa yaqin bo’lishni istayotgan muvaqqat rahbarlar bilan uchrashadi. Eshton idorasi tarqatgan ma’lumotga ko’ra, rasmiy Ukrainada siyosiy va iqtisodiy vaziyatni barqarorlashtirish va Yevropa Ittifoqining bu boradagi yordami haqida gaplashadi.

Vaqtinchalik prezident lavozimini bajarayotgan parlament yangi spikeri Oleksandr Turchinov Yevropa Ittifoqi bilan yaqinlashishga doir bitim imzolanishi haqida gapirdi.

"Asosiy vazifamiz Yevropa bilan integratsiya yo’liga qaytish. Maydondagi isyon sababi ham shu edi. Yevropa davlatlari oilasiga qaytish bilan birga Rossiya bilan aloqalar ahamiyatini tushunmoq, u bilan do’stona qo’shni aloqada bo’lmoq zarur".

Seshanba kungacha Ukrainada yangi hukumat tuzilishi kutilmoqda. Muddatidan erta prezident saylovlari esa 25-mayga belgilangan.

Mamlakat ayni damda ikkiga bo’lingan. Uning bir qismi G’arb bilan, boshqa qismi esa Rossiya bilan yaqinroq bo’lishni istaydi.

Asosan ruslar yashovchi Sevastopol va Kerch shaharlarida mahalliy aholi inqilobchilar hujumiga qarshi tayyorgarlik ko’rmoqda. Ular nazarida Kiyevdagi davlat to’ntarishi ortida millatchi guruhlar turibdi. Bu shaharlarda mudofaa jamoalari tuzilmoqda.

Rossiya bosh vaziri Dmitriy Medvedev Ukrainada hokimiyatga kelgan kuchlarning qonuniyligini shubha ostiga qo'ymoqda. Uning nazarida ular qurolli isyon natijasida hokimiyatni qo'lga olgan.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi bayonotiga ko'ra, yangi hukumat siyosatiga qo'shilmaganlarga qarshi diktatura va ba'zida terror usullari qo'llangan. Rossiyaning Ukrainadagi elchisi maslahat uchun Moskvaga chaqirildi.

Ayrim kuzatuvchilarga ko’ra, ukrainalik inqilobchilar ruslar yashovchi hududlarga qadam qo’ysa, Rossiya millatdoshlarini himoya qilish uchun qo’shni respublikaga qo’shin kiritishi mumkin.

Obama ma’muriyati Rossiyani Ukrainaga qo’shin kiritishdan oldin o’ylab ish tutishga chaqirmoqda.

AQSh prezidentining milliy xavfsizlik bo’yicha maslahatchisi Syuzan Raysning aytishicha, Rossiya intervensiyasi katta xato bo’ladi.

"Bu na Ukraina na Rossiya na AQSh va na Yevropa manfaatlariga javob beradi. Ukrainaning bo’linishi hech kimga kerak emas. Shunday bo’lsa, zo’ravonliklar jonlanib, vaziyat keskinlashadi", - deydi u.

Amerikalik demokrat senator Richard Durbin Ukrainada inqilobni olqishlab, qamoqdan chiqqan sobiq bosh vazira Yuliya Timoshenko bilan gaplashganini aytadi.

"Arbob ikki yarim yil qamoqda o’tirdi. Men bilan suhbatda mamlakatdagi muammolarning tinch, qonuniy yo’l bilan hal etilishiga ishontirdi", - deydi qonunchi.

Respublikachi senator Kelli Ayot ham Rossiyaning Ukrainaga qo’shin kiritishi ehtimoli haqida fikr bildirdi.

"Olimpiya o’yinlari tugadi. Endi Rossiyaning harakatlarini diqqat bilan kuzatib borish kerak. Prezident Obama Vladimir Putin bilan gaplashib, Ukraina siyosatiga aralashmaslikka chaqirishi lozim. Ukraina xalqi o’zi taqdirini o’zi hal qilsin", - deydi senator.

O’tgan hafta oxirida Putin va Obama mavzuni muhokama qilib, Ukrainaning hududiy yaxlitligi bobida hamfikr ekanini bir ovozdan aytgan.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG