Amerikalik ukrainlar: Bizni ruslardan ajratib turgan faqat siyosat

  • Amerika Ovozi

Qrimdagi voqealarni hozir butun dunyo diqqat bilan kuzatmoqda, jumladan Amerikada yashayotgan ukrainlar.

Pensilvaniya shtatida ularning katta bir jamoasi yashaydi. Ular orasida yangi immigrantlar ham bor, AQShga o’tgan asrda kelib joylashgan muhojirlarning farzandlari ham bor. Ukrainadagi vaziyat bu jamoaning ham hayotiga, o’zaro munosabatlariga ta’sir etmay qo’ymaydi.
Pensilvaniyadagi etnik ukrainlar milliy an’ana va urf-odatlarini e’zozlaydi. Ular tarixiy vatan bilan ham aloqani uzmagan.

“G’arbiy Pensilvaniyada kelib chiqishi ukrain bo’lgan qariyb 100 ming odam yashaydi,” - deydi Pitsburg shahridagi Muqaddas Mariya ukrain pravoslav cherkovi rahbari Timoti Tomson.

Uning aytishicha, Sovet Ittifoqi parchalanganidan so’ng bu yerga 10-15 ming muhojir ko’chib kelgan.

“Ittifoq qulab, Ukraina mustaqil bo’lganidan so’ng ular ish izlab, yangi hayot izlab kelgan. Ko’plariga cherkov yordamlashgan”.

Stiv Repa - Karnegi shahridagi Muqaddas Pyotr va Pavel ukrain pravoslav cherkovi rahbari.

Repa AQShda tug’ilib katta bo’lgan. Uning aytishicha, bu yerdagi yangi mahallalarda etnik ukrain va ruslar orasidagi ziddiyatlar hali ham seziladi.

“Ruslar haqida salbiy qarashlar keng tarqalgan edi. Ular kommunizmni olib kelgan, ko’plab odamlarni qirib yuborgan,” - deydi u.

Bu tasavvurlar vaqt o’tishi bilan ozmi-ko’pmi yo’qoldi.

Ikki jamoaning bir-biriga yaqinligi ham muhim rol o’ynadi. Ukrain cherkovi yaqinida rus pravoslav cherkovi bor. Odamlar bir-biri bilan muloqot qiladi.

“Ochig’i, ular rus emas, biz esa ukrain emasmiz. Kelib chiqishimiz o’sha yerdan, ammo amerikalikmiz. Bu yerdagi ruslarning Putinga, uning siyosatiga aloqasi yo’q,” - deydi Repa.

Pitsburgdagi ukrain pravoslav cherkovidan biroz narida Muqaddas Nikolay rus cherkovi qad ko’targan. Ruhoniy Timoti so’zlariga ko’ra, ukrain va ruslar bir-biriga yaqin, lekin baribir alohida-alohida jamoalar.

“Oramizda muloqot sust, chunki ota-bobolarimiz bu cherkovlarga asos solganida ular o’zining rus emas, ukrainligini yaxshi tushungan va rus pravoslav cherkoviga qo’shilishni, uning bir qismi bo’lishni istamagan”.

Aksariyat ukrain amerikaliklar, deydi u, ona vatanini qachon tark etganidan qat’i nazar Ukraina bilan mustahkam rishtalarni saqlab qolgan. Rossiyaning Qrimdagi harakatlari tarixiy tafovutni chuqurlashtirdi.

“Hozir salom-alik deb ularning oldiga bormagan bo’lardim. Lekin yuzma-yuz ko’rishsak, albatta, bir-birimizni hurmat bilan qarshi olamiz,” - deydi yana u.

“Amerika Ovozi” rus pravoslav cherkoviga murojaat qildi, lekin ular intervyuga rozi bo’lishmadi. Oramizdagi ziddiyat va tafovutlar cherkovga kirgach yo’qoladi, deydi ruhoniy.

“Bizni ajratayotgan siyosat. E’tiqodimiz esa bir”.

Ukrain amerikaliklar tarixiy vatanida tinchlik va mustaqillik uchun ibodat qiladi. Ukraina birligini saqlab qolishi kerak, deydi ular.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG