HRW: O'ktam Pardayev jinoyatchi emas, huquq himoyachisi

  • Amerika Ovozi

O'ktam Pardayev boshqa faollar singari azaldan Milliy xavfsizlik xizmati tazyiqi ostida ishlar edi

O'ktam Pardayev boshqa faollar singari azaldan Milliy xavfsizlik xizmati tazyiqi ostida ishlar edi

Shu yilning 16-noyabr kuni Jizzax viloyatida taniqli huquq himoyachisi O'ktam Pardayev hibsga olingan. Unga qo'rqitib pul undirish va pora olish singari ayblar qo'yilmoqda. Pardayevning foto kamerasi, kompyuter va boshqa asboblar maxsus xizmat tomonidan olib ketilgan.

Markaziy Osiyoda Inson huquqlari uyushmasi, "Human Rights Watch" (HRW), Inson huquqlari bo'yicha xalqaro hamkorlik tashkiloti, shuningdek, Norvegiya Xelsinki qo'mitasi nazarida, Pardayev erkinlik va qonun ustuvorligini talab qilgani uchun O'zbekiston hukumati tomonidan nishonga olinmoqda.

Ayblanuvchi Do'stlik tumanidagi hibsxonada saqlanayotgani ma'lum. Uning yaqinlarining uylari ham tintuv qilingan, oila qattiq bosim ostida. 20-noyabr kuni Pardayevning advokati u bilan gaplashishga muvaffaq bo'lgan.

"Pardayev korrupsiya, amaldorlarning o'z vakolatlarini suiiste'mol qilishi va poraxo'rlik kabi muammolarni ko'tarib kelgan faol. Albatta, uning bu faoliyati tepadagilarni g'azabga to'ldiradi", - deydi Nadejda Atayeva, Markaziy Osiyoda Inson huquqlari uyushmasi rahbari.

Atayeva va boshqa kuzatuvchilar deydiki, 37 yoshli Pardayev ancha yillardan beri qishloq aholisining og'ir hayoti, dehqonlar yuzlashadigan muammolar, shuningdek, paxta dalalarida majburiy mehnat hollarini fosh etib keladi.

Pardayev azaldan tazyiq va kuzatuv ostida, uning chet elga chiqishiga ruxsat berilmaydi. Faol keyingi paytlarda chet el diplomatlari va xalqaro tashkilotlarga vaziyat haqida ko'proq ma'lumot bera boshlagan edi. Ular bilan uchrashib turardi.

HRWning Markaziy Osiyo bo'yicha bosh mutaxassisi Stiv Sverdlovning bayon qilishicha, Pardayev xalq va dunyo ishonchini qozongan faol, tub ma'noda huquq himoyachisi. U hamisha tazyiq ostida ishlagan, jasur va fidoyi inson, deydi ekspert.

"Hukumat bunday fuqarolarni qamashni bas qilib, ular ko'tarib chiqayotgan muammolarni ochiq muhokama qilishi kerak. Odamlarning ovozini o'chirish bilan muammoni yo'q qila olmaysiz", - deydi Sverdlov.

O'ktam Pardayev © 2015 Human Rights Watch

Pardayevga qarshi to'qqiz kishi guvohlik bergan. Ular tergovchilarga bergan ko'rsatmalariga ko'ra, huquq faoli pora evaziga ish va mulk olib berishni va'da qilgan. Pardayevning safdoshlari guvohlar soxta, ko'rsatmalar quruq yolg'on deydi.

Inson huquqlari bo'yicha xalqaro hamkorlik tashkiloti vakili Brijit Dyufor Pardayevning taqdiri O'zbekistondagi juda ko'plab faollar boshdan kechirgan va kechirayotgan holatlarga yaqqol misol, deya xavotir bildiradi.

O'zbekistonda tuzum qachongacha tanqidchilarga hamla qilishda davom etadi? Maqsad taraqqiyot va adolatni ta'minlash bo'lsa, Pardayev singari tub muammolarga e'tibor qaratib kelayotgan fuqarolar yordamiga tayanishi kerak emasmi? - deya so'raydi kuzatuvchilar.

Norvegiya Xelsinki qo'mitasi, huquq targ'iboti bilan mashg'ul yana bir organ, O'zbekistondagi holat shu qadar og'irki, huquq himoyachilari himoyasiz va adolatsizlik qurboni, deya xalqaro hamjamiyatni respublikadagi repressiv siyosatga befarq bo'lmaslikka chaqirmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG