Breaking News

Umida Ahmedova: O'zbekiston xalqining o'z xarakteri bor


Matar Shugaban Kasa Aisha Buhari Ta Kaddamar Da Ofishin Ayyuka Ga Mata Masu Kananan Sana'a
Matar Shugaban Kasa Aisha Buhari Ta Kaddamar Da Ofishin Ayyuka Ga Mata Masu Kananan Sana'a

Taniqli fotosuratchi Umida Ahmedova o’z asarlari orqali O’zbekistondagi real hayotni yoritib kelayotgani, ijod erkinligiga sodiqligi uchun Vaslav Xavel xalqaro mukofotiga loyiq topildi. Mamlakatda erkin ijod qilish ancha xavfli va Umida Ahmedova bu xatarlarni boshdan o’tkazgan, bosimlar takrorlanishi mumkinligini ham ehtimoldan soqit qilmaydi.

Ijodkor “Amerika Ovozi” bilan suhbatda xalqaro mukofot kutilmagan hodisa ekanini aytdi.

"Menga telefon qilib aytishdi, mukofotga nomzodlar qatorida ekanligimni. Uncha ishonmadim natijaga, kecha esa bu haqdagi xabar chiqib turibdi. Rostdan bu kutilmagan bir narsa bo’ldi, chunki u yerdagi nomzodlar juda kuchli edi. Turli noan’anaviy aksiyalar o’tkazib tanilgan rossiyalik rassom, eronlik karikaturachi ayol... Bularning orasida mening suratlarim o’zbek lirikasiga o’xshab tuyuladi. Tushunishimcha mukofot ijodiy prinsiplardan qaytmaslik, unga sodiqlik uchun taqdim etiladi”, - deydi u.

Umida Ahmedova bu mukofotga totalitar jamiyatda ham o’z ijodiy prinsiplari, ijod erkinligidan voz kechmaganligi uchun ham munosib topilgan. Ammo mamlakatning o’zida bu prinsiplarga, ijod erkinligiga sodiqlik tuhmat, milliy qadriyatlar, urf-odatlarni haqoratlashga tenglashtirilgan.

Umida Ahmedova o’zbek ayollari hayoti haqida olingan “Bokiralik yuki” hujjatli filmi, shuningdek, “Ayollar va erkaklar: sahardan shomgacha” fotoalbomiga bir qator suratlari uchun 2010-yilda aynan shunday ayblovlar bilan sudga tortilgan edi.

“O’sha suddan keyin qattiq depressiyaga tushdim. Qayta ijod bilan shug’ullanmasam kerak deb o’ylagandim. Meni shu suratlarim uchun qamab yuborishlari mumkin edi. Ammo butun dunyodan taniqli rassomlar, san’atkorlar tomonidan ko’rsatilgan qo’llov yordam berdi. Ularning yordami bilan sudlar o’tgandan keyin Ispaniyada bo’ldim. U yerda bir oycha yashab, dam oldim. Ijodga qaytishga kuch topdim. Men qilayotgan ish bu fotojurnalistika emas, ko’proq zamonaviy san’at yo’nalishidagi ishlardir”, - deydi Ahmedova.

San’atkor hayotni qora ranglarda ko’rsatishni yoqtirmaydi, aksincha real manzaralarda milliylikka xos detallarni topishga, har bir suratda o’ziga xos fikrni, yurt manzarasi va uning odamlari mulohazasini aks ettirishga intiladi.

“Men suratlar ijobiy bo’lishi kerak deganda, yaltir-yultirni nazarda tutmayapman, odamning hayoti faqat bundan iborat emas. Insonning boshidan har narsa o’tadi - yig’laydi, kuladi, hayot faqat yasantirilishdan iborat emas. Xalqimizning o’z xarakteri bor. Masalan, qariyalarimiz qo’llarini orqaga qilib, nevaralarini yetaklab yurishadi, bu ham xalqimizni xarakterini ko’rsatuvchi bir detal. Hayronman, nimaga kerak mamlakatning imidjini buzadigan bunday taqiqlar”.

Ahmedova nafaqat ijodiy prinsiplari, balki faol fuqarolik pozitsiyasi uchun ham bosimga tushgan. 2014-yilda u bir guruh faollar bilan Toshkentda Ukraina inqilobini olqishlab aksiya uyushtirishda ayblandi va sud tomonidan jarimaga tortildi.

Umida Ahmedova mavjud bosimlarga, rasmiy ayblovlar, sudlovga, uning ijodiga qo’yilgan taqiqqa qaramasdan o’z yurtida ishlashda davom etmoqda. U bir necha bor xorijdagi ko’rgazmalarda o’z fotosuratlari bilan qatnashgan. Toshkentda esa yosh suratkashlar uchun o’quv kurslari tashkil etdi, ularga kasb mahoratidan saboq berdi. Bu yosh ijodkorlarning ishini ommaga namoyish etishga harakat qildi.

“Masalan, “Kelinlar va qaynonalar” degan loyiham bor. Undagi fikr ikki ayol qanchalik inoq bo’lsa, uyning muhuti shularga bog'liq degan konsepsiyadan iborat. Shuning nimasi bor? Yo’q, qilmaymiz, deyishdi. Bu suratlar Moskvadagi ko’rgazmalarda qatnashib kelgan edi. Men shaxsan davlat tomonidan kimdir Umida Ahmedovani, uning shogirdlarini yoki suratlarini ko’rgazmalarga qo’ymanglar deb ko’rsatma berilganiga ishonmayman. Odamlarimizning o’zlari qo’rqoq. Bunday sharoitda qanday qilib san’at rivojlanishi mumkin?”, - deydi Ahmedova.

Vaslav Xavel xalqaro mukofoti taqdimot marosimi 25-mayda Oslo shahrida o’tishi rejalangan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG