Umida Ahmedova: Fuqaro sifatida o'z fikrimizni bildirishga haqqimiz bor


Umida Ahmedova - xalqaro maydonda tanilgan fotograf

Umida Ahmedova - xalqaro maydonda tanilgan fotograf

Ukrainadagi namoyishlarni qo’llab Toshkentda namoyish qilgan va buning uchun jarimaga tortilgan fotograf Umida Ahmedova nazarida, ukrainaliklar huquq e’zozlangan jamiyat uchun kurashishga haqli.

Toshkentda Ukraina elchixonasi yonida yig’ilgan faollarning bir qismi sud qaroriga ko’ra jarimaga, boshqalari 15 kunlik qamoq jazosiga hukm qilingan.



Umida Ahmedova "Amerika Ovozi“ bilan suhbatda deydiki, Ichki ishlar boshqarmasida o’tkazilgan surishtiruv jarayonida ularga nisbatan bosim ko’rsatilmagan.

"29-yanvar kuni tunni Hamza tuman ishki ishlar boshqarmasida o’tkazdik. Surishturuv o’tkazayotgan odamlar ham biz bilan birga bo’lishdi. Ular xonasida, biz koridorda, ertalabgacha stullarda o’tirib chiqdik. Bizga nisbatan qo’pollik qilishdi, haqorat qilishdi desam noto’g’ri bo’lardi. Kunduzi yana Toshkent shahar Ichki ishlar boshqarmasida bo’ldik. Xullas, bir sutkadan keyin Hamza tuman sudiga olib kelishdi. Sud qarori allaqachon tayyor ekan - menga va o’g’limga jarima, Aleksey Ulko, Artyom Ludniy va Ashot Danielyanga 15 sutkalik qamoq jazosi berishdi. O’g’lim Temurga kecha eng kam oylik maoshini 30 barobarida jarima belgilangan edi. Bugun borsa qog’ozda 60 barobarida deb yozilgan“, - deydi Umida Ahmedova.

Ukrainadagi namoyishlarni yoqlab chiqqan faollar - san’atshunos, qo’shiqchi va fotosuratchilar. Ijodkorlarni o’z fuqarolik pozitsiyasini bildirgani uchun qamoq jazosiga loyiq ko’rilishi mantiqsiz.

15 sutkalik jazo olgan faollarning O’zbekistonda yashayotgan Ukraina fuqarolari va ularning O’zbekistondagi Ukrainlar madaniyat markaziga daxli yo’q.

“Aleksey Ulkoni Ukrainlar madaniyat markazi faoli ekaniga ishonmayman. Chunki bizdagi markazlarni hammasi hukumat qaramog’ida. Hozir Ukrainlar madaniyat markazi Yevromaydonni qo’llab biror munosabat bildira olishiga jur’at qilolmaydi”, - deydi Ahmedova.

O’zbekiston ziyolilari va san’atkorlari tomonidan Ukrainadagi voqealar qanday qabul qilinayotgani haqida gapirish yanada qiyin, deydi fotograf.

“O’zbek san’atkorlari tomonidan Ukrainadagi voqealarga nisbatan biror reaksiya bo’lishini kutish kulgili. Men yaqinda shogirdlarim ishtirokida bir fotoko’rgazma tashkil qildim. Bu ko’rgazma avval Kiyevda o’tkazilgan edi. Shuni Toshkentga olib keldik. Hatto o’zimning shogirdlarim ham mendan fotoko’rgazma o’tkazish uchun rasman ruxsatnomangiz bormi deb so’rashayapti. Bizda shunaqa munosabat, biron gap bo’lsa, hamma menga buning daxli yo’q deb o’tiraveradi”.

Namoyishlarni qo’llagani uchun jarimaga tortilgan Umida Ahmedova Ukrainada adolat talab qilayotgan fuqarolar tarafida. Ukrainlar inson huquqlari qadrlanadigan jamiyat uchun kurashishga haqli, deydi u.

“Ukrainadagi voqealarni do’stlarim va ijtimoiy tarmoqlar orqali kuzatib turibman. Tushunishimcha, xalq odam kabi yashashni talab etmoqda. Qachongacha inson huquqlari, odamning qadri toptaladi deyilayapti.

Gap bu yerda “Yevromaydon” yoki Yevropa Ittifoqiga kirish emas, balki pichoq borib suyakka qadalganida, inson qadri va qimmati birinchi o’ringa ko’tarilayotganida. Rossiya televideniyesi juda noxolis axborot beradi. Shuncha odam hech qachon bekorga maydonga chiqmaydi. Pul evaziga chiqsa bir marta chiqar, muntazam emas. Afsuski, odamlarning ongida kimdir pul beradi, kimdir qiladi degan narsa qotib qolgan. Buni men o’z tajribamda ham ko’rganman”, - deydi Umida Ahmedova.

Ukrainada ikki oydan oshiq davom etayotgan namoyishlar O’zbekistondagi jimlikdan farqli ravishda dunyo bo’ylab keng yoritilmoqda.

27-yanvar kuni Ukrainaning Toshkentdagi elchixonasi yonida bir guruh faollarning “Yevromaydon” namoyishlarini qo’llab chiqishi bu jimlikni buzdi.

Sal o’tib ular hibsga olindi. Ish jarima va qamoq jazosi bilan tugadi.

Umida Ahmedova, Toshkentda hukm ketidan

Umida Ahmedova, Toshkentda hukm ketidan

Umida Ahmedova o'z ijodi oldida

Umida Ahmedova o'z ijodi oldida

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG