Qurol savdosi bo’yicha global bitim imzolandi

  • Amerika Ovozi

3-iyun kuni BMT bosh qarorgohida dunyoning qariyb 60 davlati Qurol savdosi nazorati bo’yicha bitim imzoladi. Ushbu xalqaro hujjat global miqyosdagi an’anaviy qurol-yarog’ savdosiga oid yangi qoidalarni belgilaydi.


Har yili yarim milliondan ziyod odam qurolli zo’ravonlik qurboni bo’ladi. Yangi bitimning kuchga kirishi oqibatida bu raqam pasayadi, deya umid bildirmoqda faollar.

“Oxfam” xalqaro tashkilotining qurol nazorati bo’yicha rahbari Anna Makdonald deydiki, bitim, shuningdek, qurol-yarog’ savdosining oshkoraligiga olib keladi.

“Dunyo hamjamiyati bir yoqadan bosh chiqarib noqonuniy qurol savdosi, diktatorlar va inson huquqlarining buzilishi hollariga chek qo’yishga bel bog’ladi. Qurol-yarog’ni osonlikcha sotib olish davri tugadi. Bundan buyon dunyo hammasidan xabardor bo’lib turadi va zarurat tug’ilsa qonunni buzganlarni javobgarlikka tortadi”,- deydi Makdonald.

Aprel oyida BMT Bosh Assambleyasida loyiha ovozga qo'yilganida 154 davlat bitim uchun ovoz berdi. 22 davlat betaraf qoldi, Suriya, Eron va Shimoliy Koreya qarshi chiqdi.

Hujjat ustida o’n yil ish olib borildi. Endi esa 90 kun ichida 50 davlat uni ratifikatsiya qilganidan keyin bu mexanizm xalqaro qonunlarning uzviy qismiga aylanadi. Buning uchun ikki yil vaqt talab qilinishi mumkin.

Hujjatni imzolaganlar orasida Britaniya, Fransiya va Germaniya kabi eng yirik qurol dilerlari bor. Britaniya hukumati nomidan bitimni imzolagan vazir Elister Bert endi dunyoda tinchlik va xavfsizlik kuchayishiga ishonch bildirdi.

“Birlashgan Millatlar Tashkiloti va xalqaro qurol nazoratiga jalb etilgan taraflar uchun bu tarixiy sana, chunki bitim imzolanib, ratifikatsiya qilinsa va kuchga kirsa, inson huquqlari toptalayotgan yoki xalqaro gumanitar huquq tamoyillari buzilayotgan joylardagi vaziyat o’zgaradi”,- deydi Bert.

Bitimni imzolamagan davlatlar – Rossiya, Xitoy va AQSh.

AQSh Davlat kotibi Jon Kerrining bildirishicha, BMT hujjatni tarjima qilish ishlarini yakunlasa, Obama ma’muriyati uni imzolashga tayyor. Ma’lumotlarga ko’ra, buning uchun taxminan uch oy vaqt talab qilinadi. Undan so’ng bitimni AQS Senati ratifikatsiya qilishi kerak.

“Xalqaro Amnistiya” tashkilotining qurol nazorati va inson huquqlari bo’limi boshlig’i Brayan Vud AQSh boshqalarga o’rnak bo’lishi kerak deydi.

“AQSh qurol eksporti bo’yicha dunyodagi eng birinchi davlat bo’la turib, qurol nazoratini kuchaytirish borasida yetakchilik qilsa, boshqa davlatlar ham shunday qilishi aniq”.

Global qurol-yarog’ savdosining bir yillik hajmi 85 milliard dollarga teng. Bitimni imzolash barcha an’anaviy qurol-yarog’ turlari va ehtiyot qismlarining savdosini qattiq nazorat qilishni anglatadi.

Shuningdek, bitimga qo’shilgan davlatlar urush, xunrezliklar va tinch fuqarolarga qarshi harakatlar olib borilayotgan va bunday harakatlarda qurol ishlatilishi mumkin bo’lgan joylarga aslaha eksport qilmaydi.

Ayni vaqtda yangi bitim qurolning qonuniy savdosini himoya qiladi, davlatlarga xavfsizlikni ta’minlash maqsadida uni qonuniy yo’l bilan sotib olish ruxsat etiladi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG