Breaking News

Jahon qurol bozori kimning iznida?


BMT qarorgohida yiliga 80 milliard dollar aylanadigan global oddiy qurol-aslaha bozorini tartibga solishga doir bitim yana muhokamaga qo’yiladi.

Qurol bozorini tartibga solish muhokamada/Nasiba Tohir
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:12 0:00
Yuklab oling

Suriyadagi urushning ikkinchi yili tugamoqda. BMT hisob-kitobiga ko’ra, hukumat va isyonchilar o’rtasidagi mojaro 70 ming kishini hayotdan olib ketdi.

Bu mash’um ixtilof fonida Nyu-Yorkda jahon rahbarlari oddiy turdagi qurol-aslaha savdosi haqida muzokaraga kirishmoqda. Iyul oyidagi oxirgi muloqot Qo’shma Shtatlar, Rossiya va Xitoy o’ylab ko’rish uchun vaqt so’ragani bois kelishuvsiz yakunlangan edi. Gap harbiy kemalar, tanklar, hujumkor vertolyotlar, miltiq kabilar haqida ketayapti.

Qurol-aslaha bozorini qattiqroq nazorat qilish tarafdorlari bu mahsulot mojaro nuqtalariga kirib borishi, urush va zulmga hissa qo’shishining oldini olish kerak, buning uchun esa puxta ishlab chiqilgan bitim zarur, deydi.

Eng ko’p qurol-yarog’ ishlab chiqaruvchi Qo’shma Shtatlar mamlakat konstitutsiyasining qurol-aslahaga egalik qilish haqidagi moddasiga qarshi har qanday bitimni rad etadi. Qurolga egalik Amerikada nozik siyosiy masala va bu huquq bosh qomusda kafolatlangan. Biroq mamlakatning Konnektikut shtatidagi boshlang’ich maktabda dekabrda ro’y bergan va o’nlab jajji bolakaylarni hayotdan olib ketgan otishma jamoatchilikni sergak torttirdi.

Davlat kotibi Jon Kerri so’zlariga ko’ra, Qo’shma Shtatlar oddiy qurollar xalqaro savdosini tartibga solish tarafdori. Ammo bu kelishuvlar zinhor o’qotar qurollar ichki savdosi va Amerika eksportiga ziyon qilmasligi kerak, deydi u.

Xalqaro Amnistiya tashkilotidan Brayan Vud ikki yildan beri qurollar oqimini to’xtating, Suriyaga keskin embargo-cheklov qo’ying, deb kelamiz, deydi. Suriyadagi urush qurol savdosining asorati, deydi u.

“Ikkinchi jahon urushidan beri dunyo qariyb 400 qurolli ixtilofga guvoh bo’ldi. Jinoiy to’dalar qo’lidan nobud bo’lgan, hukumatlar repressiyasi bois jabr ko’rgan, boshqa jinoyatlar natijasida mayib bo’lgan insonlarni hisobga olmaganda shuncha! Bu nihoyatda qo’rqinchli ko’rsatkich”, - deydi Brayan Vud.

Bu gal BMT Xavfsizlik Kengashining besh doimiy a’zosi murosaga erishishi ehtimoldan xoli emas. Lekin, deydi Xalqaro Amnistiya rasmiysi, masalan, Shimoliy Koreya yoki boshqa mamlakat matnga qarshi chiqsa, hujjat yana Bosh Assambleyaga qaytariladi.

Londonda asoslangan Qurol-aslaha savdosiga qarshi kampaniya vakili Key Sterman esa bitim ish berishiga ishonmaydi.

“Qurol-yarog’ bozorini tartibga soluvchi kelishuv bu mahsulot oqimini to’xtata olmaydi. Bozorni bir necha yirik mamlakat boshqarib turibdi - AQSh, Britaniya, Xitoy, Fransiya va Germaniya. Lekin bu davlatlar savdodan chiqish uchun sezilarli chora ko’rayotgani yo’q”, - deydi ekspert.

Uningcha, bu mamlakatlarga ma’qul matn ishlab chiqish mumkin, ammo bu hujjatdan zarracha naf bo’lmaydi.

Qurol nazorati tarafdori bo’lmish aksariyat o’lkalar inson huquqlari bilan bog’liq ahvol ayanchli bo’lgan davlatlarga qurol-yarog’ sotmoqda, deydi Sterman.

“Saudiya Arabistonini olaylik. Inson huquqlarini oyog’osti qiladigan davlat. Demokratiya hurmat qilinmaydi. Ayollar va bolalar huquqlari cheklangan. Omma oldida odamlar qatl etiladi. Holbuki, Britaniya Saudiya Arabistoniga qurol sotib keladi”, - deydi tahlilchi.

Bitimdan maqsad har qanday oddiy qurolning sarhadlararo savdosini bir mezonga solish.

Xalqaro Amnistiya tashkiloti hisobicha, cheklanmagan oddiy qurol-aslaha savdosi 500 mingdan ziyod odamning boshini yeb, millionlab insonlarni sarson qilgan, jinsiy zo’ravonlikni avj oldirib, bolalarning askar sifatida ekspluatatsiya qilinishiga yetaklagan.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG