BMT milliardlab dollarlik qurol bozorini tartibga solmoqchi

  • Amerika Ovozi

Hujjat qiruvchi samolyotdan tortib avtomat, to’pponchagacha - qurol import va eksportini qat’iy belgilaydi.

Hujjat qiruvchi samolyotdan tortib avtomat, to’pponchagacha - qurol import va eksportini qat’iy belgilaydi.

Qurol bozorida yiliga 60 milliard dollar atrofida pul aylanadi. Noqonuniy o’q-dori, aslaha esa insoniyatga tahdid solib, urushlarni alanga oldirmoqda, deydi ular.

Bugun BMTning Nyu-Yorkdagi qarorgohida 150 davlat vakillari yig’ilib, ana shu haqda gaplashmoqda. Bir oy davom etadigan anjumanda ilk majburiy bitim muhokama etiladi.

BMT Qurol savdosi bitimi muhokamasi, 2-27 iyul

  • qurolni eksport qiluvchi davlatlar muayyan standartlarga bo’ysunadi
  • noqonuniy qurol savdosiga qarshi kurashadi
  • hujjat biror qurol eksportini cheklamaydi
  • hujjat davlatlarning o’zini mudofaa qilish huquqiga tegmaydi
  • biror davlat kelishuvga qo’shilishga majbur emas
Hujjat qiruvchi samolyotlardan tortib avtomat va to’pponchagacha - qurol import va eksportini qat’iy belgilashni ko’zda tutadi. Anjumanda qurol-yarog’ni chetga eng ko’p sotuvchi Qo’shma Shtatlar, mahsulotni eng ko’p xarid qiluvchi Hindiston kabilar qatnashmoqda.

Deril Kimbol Qurol nazorati uyushmasi nomli xususiy tadqiqot firmasi rahbari:

“Qishloq xo’jaligi mahsuloti, masalan, banan savdosini nazorat qiluvchi hujjatlar qurol sohasidagiga qaraganda ko’proq. Holbuki, qurollar har kuni necha-necha kishilarning yostig’ini quritib keladi”, - deydi mutaxassis.

Muhokama qilinayotgan bitim o’q-dorini ham o’z ichiga olishi kerak, deydi Skot Stedjan, “Oxfam America” xalqaro tashkiloti maslahatchisi:

“Dunyoda yiliga 12 milliard dona o’q ishlab chiqiladi. Taxminan 4 milliard dollarlik biznes bu”, - deydi u.

Amaldagi xalqaro qonunlarning kamchiligi ko’p, deb hisoblaydi ekspert. Ayrim hukumatlarning o’z hududida qurol-yarog’ savdosiga tishi o’tmaydi. Boshqa davlatlarda soha aniq-tiniq ishlaydi. Vaziyatni o’zgartirish zarur, yangi bitimda eksport yo’llari, xususan, litsenziya olish talabi aniq belgilangan bo’lishi kerak, - deydi tahlilchilar.

BMT bosh qarorgohida yig’ilgan delegatlar Suriyadagi qonli mojaroni muhokama qilishi aniq.

Xalqaro qurol-yarog’ savdosida yetakchi Rossiya Suriya hukumatini aslaha bilan ta’minlab keladi. Har ikki davlat vakillari konferensiyada ishtirok etadi.

Deril Kimbol deydiki, Moskva qurol savdosi haqidagi shartnomani Damashq bilan mojaro boshlanmay turib imzolagan va unga rioya qilishda davom etmoqda:

“Sohani tartibga soluvchi mukammal global bitim Rossiyani Assad kabi davlat rahbariga qurol sotishdan to’xtata olmaydi. Biroq Kreml bunday shartnomalarni yopiq eshiklar ortida, hech kimga bildirmay imzolashi qiyinlashadi”, - deydi ekspert.

Darhaqiqat, AQShning BMTdagi elchisi Syuzan Rays ta’rificha, Rossiya Suriyaga qurol uzatayotgani naqadar nojo’ya bo’lmasin, qonuniy. Moskva bu mahsulot zo’ravonlik, qon to’kish uchun ishlatilmayapti, deydi. Biroq aksariyat harbiy tahlilchilar nazarida mazkur qurol tinch aholiga qarshi qo’llanishi mumkin.

Lekin, deya eslatadi boshqa ekspertlar, Suriyaga tank, miltiqlar sotayotgan faqat Kreml emas. Damashq ko’chalarida qurol serob ekaniga G’arb ham hissa qo’shgan.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG