Hujjat yo'qmi, huquq ham yo'q

  • Amerika Ovozi

Rivojlanayotgan mamlakatlarda tug’ilganida ro’yxatga olinmagan millionlab odamlar bor. Ular tibbiy xizmatlar va ta’lim olish huquqidan foydalana olmaydi, boshqa huquqlari ham muntazam ravishda poymol qilinadi, deydi BMT rasmiylari. Bangkokda aynan shu muammoga bag’ishlangan xalqaro anjuman bo’lib o’tdi.


BMT homiyligidagi ikki kunlik konferensiyada xalqaro tashkilotlar, nodavlat guruhlar hamda dunyoning 50 mamlakatidan vakillar qatnashdi.

BMT Bosh kotibi muovini Noylin Xeyzer inson huquqlarini himoya qilish va hukumatlar siyosati samarasini baholashda fuqarolarni ro’yxatga olish katta rol o’ynashini aytadi:

“Hujjati bo’lmagan odamlar hukumatning siyosiy dasturlari ishlab chiqilayotganida hisobga olinmaydi, chetda qolib ketadi. Fuqaroligi bo’lmagan odamlarning o’zi yashayotgan davlat hududida hech qanday haq-huquqi yo’q. Ular manfaatlarini hukumat himoya qilmaydi. Bola tug’ilishi bilanoq ro’yxatga olish va guvohnoma berish orqali uning manfaatlarini ta’minlash mumkin”.

Zamonaviy texnologiyalar davrida yangi tug’ilgan bolani ro’yxatga olish qiyin emasdek tuyuladi. Shunga qaramay, UNICEF, BMTning bolalar jamg’armasi ma’lumotiga ko’ra, 2011-yilda Osiyoning Xitoydan boshqa mamlakatlarida tug’ilgan bolalarning yarmidan ko’pi ro’yxatga olinmagan.

Bu jiddiy muammo, deydi BMTning Iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi rasmiysi Xayshan Fu:

“Taxminlarga ko’ra, bu mintaqada tug’ilgan bolalarning uchdan bir yoki hatto uchdan ikki qismi ro’yxatga olinmagan. Demak, ular maktabga qabul qilinmay qiynaladi. Ish qidirayotgan odam ham hujjatlari bo’lmagunicha, maqsadiga erisholmay qiynalishi shubhasiz”.

BMTning Mingyillik Rivojlanish Maqsadlariga erishishda ham bu masala katta ahamiyatga ega. 2000-yilda dunyo hamjamiyati 2015-yilga borib qashshoqlar sonini ikki baravar kamaytirish, jinsiy tenglikni ta’minlash, ona va bola o’limi hamda yuqumli kasalliklar hollarini kamaytirish, VICh/SPIDga qarshi kurashish kabi maqsadlarni belgilab olgan edi. Dunyo ahli sonini aniq bilish progressni belgilashdagi asosiy omil, deydi Avstraliya Statistika boshqarmasi xodimi Trevor Satton:

“Mingyillik Rivojlanish Maqsadlari bobida progressga erishilganini bilish uchun har bir mamlakatda fuqarolarni ro’yxatga olish xizmati samarali ishlab turishi kerak. Mintaqaning barcha mamlakatlari, shu jumladan, Avstraliya ham shunday tizim barpo etilishidan manfaatdor. Shundagina biz jamiyatlardagi muvaffaqiyatni o’lchay olamiz. Bu juda muhim”.

Turli ijtimoiy sohalarda boshqa mamlakatlarga gumanitar yordam hajmini belgilash uchun ham aniq statistik ma’lumotlar kerak, deydi mutaxassis.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG