BMT rasmiysi “Islomiy davlat”ni natsistlarga qiyosladi

  • Amerika Ovozi

BMTning inson huquqlari bo’yicha oliy komissari Zeyn Raad al-Husayn - bu xalqaro idoraning ilk musulmon rahbari. U yaqinda Vashingtondagi xolokost muzeyida bo’lib, “Islomiy davlat” guruhini qonxo’r deya qoraladi.

Vahshiyliklarni bartaraf etish haqida nutq so’zlagan al-Husayn har birimiz xolokost haqida bilishimiz kerak, deydi.

“Shuncha odamni gunoh sezmasdan nega qirib tashlashgan?”

BMT rasmiysi “Islomiy davlat” o’tgan oylar mobaynida sodir etgan qotilliklarni, jumladan bir uchuvchini yoqib yuborganini tilga oldi. Jihodchilarni takfir, kofirlar deya qoraladi. Bu guruh natsistlar singari shovinistik yolg’onlar bilan odamlarni o’ziga ergashtirmoqda, deydi u.

“Tarixdan bilamizki, faqat o’zimiz haqimizda qayg’ursak, o’z odamlarimizni va o’zimizga o’xshaganlarni, siyosiy va diniy mafkuramizni himoya qilsak, buning oqibati voy bo’ladi. Hamma uchun”.

Har bir bola to’qqiz yoshga yetmasidan inson huquqlari haqida tushunchaga ega bo’lishi kerak, deydi diplomat.

“Katolik maktablaridan tortib dunyoviy o’quv dargohlari va madrasalargacha, bolalarga fundamental huquqlar haqida, tenglik, adolat va hurmat haqida bilim berishimiz lozim. Buni bog’cha yoshidan boshlagan ma’qul”, - deydi u.

BMTning inson huquqlari bo’yicha komissarini tinglash uchun xolokost muzeyiga bir dunyo odam keldi. Ular orasida urushda natsistlar qo’lidan omon qolganlar ham bor.

Margit Maysnerning aytishicha, Zeyn Raad al-Husaynning gaplari mutlaqo to’g’ri. “Bu yerda yangragan gaplarni qanday amalga oshiramiz? Buning uchun bizda iroda bormi? Qora ishlarni ko’rib ko’pincha tanqid qilishdan nariga o’tmaymiz, axir”, - deydi onaxon.

Ba’zida umidsizlikka berilish oson, deydi diplomat. Lekin vahshiylikka faqat insonni qadrlash bilan javob berish mumkin, deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG