Breaking News

BMT Avstraliyaning muhojirlarga munosabatini tanqid qildi


Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) Avstraliyaning muhojirlarga munosabatini tandiq qilmoqda. Ayniqsa, Rojdestvo orolidagi muhojirlar markazida yuz bergan so'nggi zo'ravonliklar ortidan tashkilotning inson huquqlari agentligi Kanberrani qoralab chiqdi.

Boshpana istab Avstraliyaga vizasiz kirgan har qanday odam ushlanib, Janubiy Tinch okeanidagi Papua-Yangi Gvineya va Nauru orollariga, muhojirlar markazlariga jo'natiladi.

Jenevada o'tgan anjumanda 100 dan ortiq davlat vakillari Avstraliyaning muhojirlarga oid siyosatini qoraladi. Kanberra bolalarni hibsga olishni to'xtatib, orollardagi markazlarni yopsin, dedi ular.

AQSh rasmiysi Divya Kosla ham muhojirlarga adolat bilan munosabatda bo'lish kerak, degan fikrda.

"Biz Avstraliyani boshpana istayotganlarning huquqlariga, jumladan, Papua - Yangi Gvineya va Nauruda saqlanayotganlarga hurmat bilan muomala qilishga chaqiramiz", - dedi u.

Ammo Avstraliya vakili Stiv Makglinning aytishicha, shu siyosat qayiqlarda kelayotgan ko'plab odamlarning hayotini saqlab qolishga va odam tashish bilan shug'ullanuvchi guruhlar ishini cheklashga hissa qo'shmoqda.

"Avstraliyaning chegara siyosati odam savdosi bilan shug'ullanadiganlarga zarar yetkazib, dengizda minglab odamlarning hayotini saqlab qoldi. Dengiz safarlari miqdorining kamayishi evaziga Avstraliya insonparvarlik dasturlari doirasida ko'plab muhojirlarni joylashtirish imkoniga ega bo'ldi", - deydi u.

Rojdestvo orolidagi muhojirlar qamoqxonasida yuz bergan to'polonlar to'xtagani aytilmoqda.

Markazdan qochishga uringan eronlik kurd muhojir tashqarida o'lik holatda topilgach, markaz tutqunlari bosh ko'tarib, binoning ayrim qismlariga o't qo'ygan. Rasmiylar mahbuslar bilan muzokara o'tkazib, tinchlikni qayta tiklaganini aytmoqda.

Rojdestvo oroli Avstraliyaning Pert shahridan 2500 kilometr shimoli-g'arbda, Indoneziyaning Yava orolidan esa 380 kilometr janubda joylashgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG