BMT Birma hukumatini musulmonlarga fuqarolik berishga chaqirdi

  • Amerika Ovozi

Rohinja musulmonlari qochoqlar lagerida, 11-avgust, 2013-yil.

Rohinja musulmonlari qochoqlar lagerida, 11-avgust, 2013-yil.

Birma hukumati Rohinja musulmonlariga fuqarolik berishni talab etuvchi BMT rezolyutsiyasini qabul qilmasligini ma’lum qildi. Payshanba kuni “Facebook”da prezident so’zlovchisi Ye Htut e’lon qilgan bayonotda aytilishicha, Birma qonunlari fuqarolik huquqiga ega bo’lmagan odamlarga fuqarolarning huquqlarini berishni taqiqlaydi.

Mamlakatning 1982-yilda qabul qilingan fuqarolikka oid qonuni 130 etnik guruhga Birma fuqaroligini bergan. Ammo Rakxayn shtatida yashovchi musulmonlar bunday huquqqa loyiq topilmagan. Hukumat ularni Bangladeshdan noqonuniy ko’chib kelgan muhojirlar deb ataydi.

BMT Bosh Assambleyasining inson huquqlari qo’mitasi seshanba kuni Rohinja musulmonlariga oid rezolyutsiya qabul qildi. Unda, shuningdek, Birma hukumati musulmonlarga qarshi yuz berayotgan zo’ravonliklarni to’xtatishga chaqiriladi.

Buddist va musulmonlar o’rtasidagi ziddiyat o’tgan yili Birmaning g’arbiy Rakxayn shtatida boshlanib, so’ng butun mamlakatga yoyilgan edi. To’qnashuvlarda kamida 240 odam halok bo’lgan. Yana 140 ming odam, aksariyati musulmonlar, o’z uyini tark etgan.

Minglab qochqinlar Malayziya va boshqa mamlakatlarga yetib olish uchun qayiqlarda ochiq dengizga chiqqan.

Birmaning fuqarolik qonuniga ko’ra, rasman tan olingan etnik ozchilik vakillari fuqarolik olishi uchun ajdodlari 1823-yil inglizlar Rakxaynni bosib olgunga qadar ham Birmada yashaganini isbotlab berishi kerak.

Britaniya Rakxaynni bosib olgan davrda qo’shni Chittagong viloyatidan ko’plab musulmonlar ko’chib kelgan edi. Chittagong o’sha paytda Hindistonning bir qismi bo’lgan, hozir esa Bangladesh tarkibida.

Bugun Rakxaynda yashovchi yuz minglab Rohinja musulmonlarining ko’pi azaldan ajdodlari shu yerda yashab kelganini aytadi. Ammo ular buni isbotlovchi hujjat ko’rsata olmagani bois bir necha avloddan beri fuqarosiz shaxslarga aylanib qolgan.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG