Breaking News

Amerika qonunchilari: BMTni ko’r-ko’rona moliyalash davri o’tdi


Amerika qonunchilari: BMTni ko’r-ko’rona moliyalash davri o’tdi
Amerika qonunchilari: BMTni ko’r-ko’rona moliyalash davri o’tdi

Amerika matbuotining yoritishicha, Birlashgan Millatlar Tashkiloti islohotga muhtoj ekani haqida bot-bot gapiriladi-yu, buni qanday amalga oshirish haqida fikrlar tarqoq.

192 a’zoli tashkilotning eng yirik donori – Qo’shma Shtatlar Kongressida bu muassasaga beriladigan mablag’ni islohotga bog’lash to’g’risidagi qonun loyihasi ko’rib chiqilmoqda.

BMTning yillik byudjeti 2 milliard dollar bo’lsa, shuning qariyb chorak qismi AQShdan keladi.

“Vashington Tayms” gazetasining yozishicha, ushbu loyihani respublikachilar olg’a surmoqda. Vakillar Palatasining Tashqi Aloqlar qo’mitasi rahbari Ileana Ros-Leytinenning aytishicha, BMTni ko’r-ko’rona moliyalash davri o’tdi.

“BMTning byurokratik tizimi jiddiy reformadan o’tishi zarur. Bundan buyon AQSh o’z manfaatlarini ko’zlagan holda va o’ziga kerakli dasturlarga pul ajratadi”, - deydi qonunchi.

Vakillar Palatasida ozchilikka aylangan demokratlar bu tashabbusni qoralab chiqmoqda.

“BMTning kamchiliklari bor, lekin AQSh mablag’ni kesish o’rniga boshqa davlatlar bilan hamkorlikda uni effektiv tuzilmaga aylantirish ustida o’ylashi kerak”, deydi ular.

So’nggi saylovda g’alaba qilgan Respublikachilar partiyasi byudjet kamomadini kamaytirish uchun o’nlab dasturlarni yo’q qilishga bel bog’lagan.

Qonunchi Ileana Ros-Leytinen deydiki, BMT agentliklari, jumladan Xalqaro Atom Boshqarmasi va Taraqqiyot dasturi ustidan nazorat kuchaytiriladi, shuningdek, BMT Inson Huquqlari Kengashiga kamroq mablag’ ajratiladi.

“Chunki kengashga huquqbuzar davlatlarning o’zi a’zo. Ular AQShning yaqin hamkori Isroilni bo’lar-bo’lmasga tanqid qilishga usta”, - deydi respublikachilar.

XS
SM
MD
LG