Global iqlimdagi salbiy o'zgarishlarga oid xalqaro anjuman

  • Amerika Ovozi

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Kotibi Pan Gi Munning ta’kidlashicha, iqlim o’zgarishi insoniyatga jiddiy xavf solmoqda. Xalqaro hamjamiyat muammoga zudlik bilan yechim topishi kerak, deydi u. Dunyoning 200 dan ortiq davlati, jumladan, Qo’shma Shtatlar keyingi hafta Qatarning Doxa shahriga yig’ilib, mavzuni muhokama etishi kutilyapti.


Joriy asrning dastlabki 10 yili tarixdagi eng issiq davr bo’ldi. Olimlarning aksariyati buning sababini atmosferaning quyi qatlamiga yig’iladigan zaharli gazlarga bog’laydi. Ular tabiiy hosil bo’lishi yoki neft, gaz va ko’mir yoqish kabi insonlar faoliyati natijasida atmosferaga chiqishi mumkin.

Iqlim isishi oqibatida yuz berayotgan ob-havo o’zgarishlari bugun odatiy holga aylanib qoldi, deydi BMT Bosh kotibi.

“Tahdid aniq va unga shoshilinch chora ko’rish kerak. Gazlar miqdorini kamaytirishimiz, yanada katta iqlim o’zgarishlariga tayyor turishimiz hamda 2015-yilgacha iqlimga oid xalqaro bitimni imzolashimiz lozim”, - deydi Pan Gi Mun.

Zaharli gazlarni kamaytirishga qaratilgan amaldagi qonun Kyoto protokoli deya ataladi. 1997-yilda qabul qilingan ushbu xalqaro bitim sanoatlashgan davlatlarga bir qator majburiyatlar yuklaydi. Shu yil oxirida qonun ijrosining dastlabki muhlati tugaydi. Uni yana cho’zdirish masalasi Doxa anjumanida muhokamaga qo’yiladi.

AQSh Kyoto protokoliga qo’shilmagan. Ammo prezident Barak Obamaning aytishicha, Qo’shma Shtatlar ekologiyani saqlash yo’lida muhim qadamlar qo’ygan. O’tgan to’rt yilda toza energiya ishlab chiqarishni ikki barobar ko’paytirib, avtomobillarda yoqilg’i tejamkorligini ta’minlashga qaratilgan talablarni ham shuncha miqdorda oshirdik, deydi u.

“Iqlim o’zgarayotgani aniq va bunda inson omili hamda uglerod gazlarining roli bor. Kelajak avlodlar uchun nimadir qilishimiz kerak. Bunga mas’ulmiz”, - dedi AQSh prezidenti.

Obamaning aytishicha, iqlim o’zgarishiga qarshi qo’llanadigan choralar iqtisodiy o’sish yo’liga g’ov bo’lmasligi kerak.

Kyoto Protokoli rivojlanayotgan o’lkalarga gazlarni kamaytirish majburiyatini yuklamaydi. Xitoy ham ular qatorida. Ammo dunyoning eng tez rivojlanayotgan bu davlati atmosferaga eng ko’p karbonad angidrid chiqaruvchi mamlakatdir.

“Nima bo’layotganini juda yaxshi ko’rib turibmiz. Doimgidek o’z ishimizda davom etishimiz, muammoning oqibatlaridan xotirjam o’tirishimiz mumkin emas”, - deydi BMT bosh kotibi.

Soha mutaxassislarining aksariyati iqlim o’zgarishida insonning qo’li borligiga ishonadi. Ammo bu omil yer sayyorasining o’zgarishiga qanchalik ta’sir etayotgani borasida fikrlar yakdil emas. Vashingtondagi Kato instituti tadqiqotchisi Patrik Maykls bunga misol keltiradi.

“Agar temperaturalar tarixiga qaraydigan bo’lsak, ikki marta iqlim o’zgarishi ro’y berganini ko’ramiz. Birinchisi 1910-yildan 1945-yilgacha davom etgan. Bunda faqat karbonad angidrid yoki boshqa gazlarni ayblab bo’lmaydi. Chunki u paytlar dunyo u qadar sanoatlashmagan edi. Ikkinchisi 1977-yillarda boshlanib, 90-yillar oxirigacha davom etdi. Har ikkisida issiqlik darajasi bir xil bo’lgan”, - deydi iqlimshunos olim.

Ayrim rivojlangan o’lkalarning e’tiroz bildirishicha, sanoatga qarshi cheklovlar hamma davlatlarga birdek joriy etilishi kerak.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG