Iqlimdagi salbiy o'zgarishlarga qarshi kurashni jadallashtiraylik, deydi Obama

  • Amerika Ovozi

AQSh prezidenti Barak Obama va boshqa davlatlar rahbarlari sayyoramizni zararli gazlardan asrash yo’lida yangi majburiyatlarni olishga undamoqda.

23-sentabr kuni Nyu-York shahrida bo'lib o'tgan BMTning Iqlim sammitida nutq so’zlar ekan, Obama dunyodagi eng ko’p zararli gazlar chiqaradigan mamlalatkar orasida ikkinchi o’rinda turadigan AQSh tabiatga yetkazgan zararni tan olishini aytdi, ayni vaqtda barcha davlatlar iqlimdagi o’zgarishlarni to’xtatish uchun bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilishi kerakligini ta’kidladi.

AQSh rahbari, shuningdek, BMT minbariga chiqishdan oldin atmosferani eng ko’p zaharlaydigan davlat - Xitoy bosh vaziri muovini Jan Gaoli bilan uchrashdi. Obamaning keyin bildirishicha, dunyoning ikkita eng katta iqtisodi bo’lgan AQSh va Xitoy zararli gazlar hajmini kamaytirishga qaratilgan urinishlarga yetakchilik qilishga kelishib olgan.

AQSh 2020-yilga borib atmosferaga chiqarilayotgan zaharli gazlar hajmini 2005-yilga qaraganda 17 foizga kamaytiradi, dedi Obama. 28 davlat a’zo Yevropa Ittifoqi esa 2030-yilga borib bu raqamni 1990-yilgi ko’rsatkichga qaraganda 40 foizga pasaytirish niyatida.

Vashingtondan Nyu-Yorkka, BMT yig’iniga yo’l olishdan oldin Obama AQSh davlat idoralari va agentliklaridan xorijiy taraqqiyot dasturlariga sarmoya kiritayotganda iqlim o’zgarishini inobatga olishni ko’zda tutishni talab qiluvchi farmon imzoladi.

O’z bayonotida Oq uy sarmoyalar va taraqqiyot dasturlari jamoalarga iqlim o’zgarishiga qarshi kurashda yordam berajagini bildirdi.

BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun sammitni ochiq deb e’lon qilar ekan, dunyo davlatlarini tabiatni zararli gazlardan himoya qilishda yangi urinishlarni boshlashga chaqirdi.

"Iqlim o’zgarishi mashaqqat bilan erishilgan tinchlik va farovonlikni, qolaversa milliardlab odamlar uchun imkoniyatlarni tahdid ostiga qo’ymoqda. Bugun biz yangi urinishlarni boshlab berishimiz kerak”, - dedi BMT rahbari.

Shuningdek, u dunyo XXI asr oxiriga borib zararli gazlar atmosferaga chiqarilmaydigan joyga aylanishi kerak, deb aytdi.

Bir kunlik sammitga dunyoning 125 mamlakatidan vakillar yig’ildi. Tabiat muhofazasi bilan shug’ullanuvchi faollarga ko’ra, mazkur tadbir 2015-yil oxirida Parijda imzolanishi kutilayotgan global bitimga tayyorgarlikdir.

Atmosferaga eng ko’p zararli gazlar chiqaradigan Xitoy va Hindiston rahbarlari ushbu yirik sammitda qatnashmadi, o’z o’rniga o’rta darajadagi rasmiylarini yubordi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG