Breaking News

BMT: Afg'onistonda mahbuslar qiynoqqa solinmoqda


Notinch mamlakat hibsxona va turmalarida mahbuslarni qiynoqqa solish oddiy hol va bunday qo'pol huquqbuzarlik muntazam ravishda kuzatiladi. BMTning Afg'onistondagi vakolatxonasi va BMTning inson huquqlari bo'yicha organlari bu borada ogohlantirib, markaziy rahbariyatni, adliya tizimi va huquq himoyasi bilan bog'liq idoralarni vaziyatni tuzatishga undamoqda.

2015 va 2016-yil davomida BMT mutaxassislari 469 holatni o'rgangan. 62 hibsxonadagi ahvol bilan tanishgan. Xavfsizlik kuchlari va politsiya qonunlarni sistematik tarzda buzgan. Bunga qarshi aksariyat hollarda hech qanday chora ko'rilmagan. Mahbuslarni qiynashga tabiiy jarayondek qaralgan.

BMT vakili Liz Trossel:

“Aybga iqror bo'l deya qiynoqqa solinganlar ko'pchilik. "Ha, aybdorman" deya imzo chekmaguncha ularni urishgan va azoblashgan. Ko'plab mahbuslar o'qishni va yozishni bilmaydi. Ular qog'ozda nima bitilganini tushunmay ham azobdan aybga iqror bo'lgan".

BMT tekshirgan ishlardan 85 tasi bolalarga tegishli. Mahbuslar orasida voyaga yetmaganlar talay, deydi ekspertlar. Ular gaplashgan 38 bola xavfsizlik xodimlari tomonidan qiynoqqa solinganini tasvirlab bergan. Da'volarni isbotlovchi dalillar mavjud.

Trossellning aytishicha, qiynoq deganda tayoq va rezina хivchinda urish, tok orqali shokka solish, bo'g'ish, suvga cho'ktirish, jinsiy tajovuz va o'ldirish tahdidi nazarda tutilmoqda.

“Qiynoq hech qachon hech bir jamiyatni tinchlikka yoki yaxshiroq hayotga yetaklamaydi. Xavfsizlikni azob orqali ta'minlay olmaysiz", - deydi BMT vakili.

"Odamlarni qilmagan jinoyati uchun qiynoq ostida iqror bo'lishga majburlash tuzumga nisbatan nafratni kuchaytiradi, inson qadrini pasaytiradi.”

BMT tekshirib chiqqan hollar sudda ko'rilishi kerak va javobgarlar jazolanishi shart, deya undamoqda bu tashkilot mutaxassislari.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG