BMT kengashi Qusayrdagi zo'ravonliklarni qoraladi

  • Amerika Ovozi

Qusayr shahri havo hujumidan so'ng, 21-may, 2013-yil

Qusayr shahri havo hujumidan so'ng, 21-may, 2013-yil

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari kengashi kecha Jenevada o’tgan majlisida Suriya hukumatining Qusayr shahrida xorijiy jangarilardan foydalanganini qoralab, masalani tergov qilishni buyurdi. Kengashga a’zo 47 davlatdan 36 tasi hujjatni yoqlagan. Bu o’rtada Suriya prezidenti Bashar al-Assad havo mudofaasi uchun Rossiyadan S-300 raketalarini olganini aytmoqda.

BMT Inson huquqlari kengashining favqulodda majlisida strategik hisoblangan Qusayr shahridagi janglar xususida gap ketgan. A’zo-davlatlarga ko’ra, Livanning Hizbulloh jangari guruhi Suriya muxolifat kuchlariga qarshi kurashda Assad qo’shinlariga yordam bermoqda. Kengash rezolyutsiyasida xorijiy kuchlarning Suriya fuqarolik urushiga aralashgani qoralangan.

BMTning Inson huquqlari bo’yicha oliy komissari Navi Pillayning aytishicha, Suriyada armiya va isyonchilar tinch aholiga qarshi birday zulm qilmoqda.

"Jenevada Suriya bo’yicha rejalanayotgan xalqaro ajumandan oldin har ikki tomonni qo’llab-quvvatlayotgan davlatlar hamkorlikda mojaroning kuchayishiga yo’l qo’ymasligi kerak. Suriya davlati qulasa, oqibati nafaqat bu yurt ahli, balki butun boshli mintaqa va dunyo tinchligiga ta’sir qiladi", - dedi BMT rasmiysi.

AQShning kengashdagi elchisi Aylin Donaxyu nazarida Suriya hukumati mazhablararo adovatni kuchaytirib, xalqni bo’lib qo’ymoqchi.

"Biz Hizbullohning mojarodagi ishtirokini qoralaymiz. Bu mintaqaviy ziddiyatlarni keltirib chiqarishi, Suriya mojarosini kuchaytirib, uning qo’shni Livanga ham tarqalishiga yetaklashi mumkin", - dedi AQSh diplomati.

Suriya elchisi Faysal Habbaz Hamuiy kengash a’zolarini noxolislikda ayblab, Qusayrda tinch aholi qatliom qilingani haqidagi xabarlarni inkor etdi. Aksincha, dedi u, isyonchilar tomonida jang qilayotgan jihodchi guruhlar xalqni qo’rquvda ushlab turibdi. Armiya himoyasi ostida aholi Qusayrni tark etishga muvaffaq bo’ldi, deydi Suriya elchisi.

"Qurollangan odamlarga qurolini tashlab, shahardan chiqishga imkon berildi. Biroq ayrimlari Qatar va Turkiyadan olingan buyruqlar asosida qarshilik ko’rsatishda davom etib, tinch aholidan jonli qalqon sifatida foydalandi", - dedi Hamuiy kengash majlisidagi chiqishida.

Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning aytishicha, kengashdagi munozaralar Suriya bo’yicha tinchlik anjumanini tashkillashtirish ishlariga halaqit bermoqda.
BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun anjumanga hozirliklar avjida, deydi. Konferensiya kuni hali e’lon qilinmagan.

"Asosiy tomonlarning roziligi hali olinmagan. Suriyaning muxolif guruhlari hanuz bu masalani muhokama qilmoqda. Umid qilamizki, ular anjumanda bir ovoz bo’lib qatnashadi", - dedi BMT rahbari.

Muxolifat Assadning hokimiyatdan ketishi aniq bo’lmasa, hukumat bilan muloqot qilmaymiz, deb keladi. Bugun asosiy muxolif guruh, Suriya milliy koalitsiyasi Istanbulda bir qarorga kelishi kerak.

Suriya tashqi ishlar vaziri Valid Muallimning aytishicha, prezident 2014-yil saylovlariga qadar vazifasini bajaradi va yana bir muhlatga saylanishga harakat qiladi.

Bu orada Hizbulloh matbuotining Suriya prezidenti so’zlariga tayanib tarqatgan xabariga ko’ra, Rossiyaning havo mudofaa tizimiga tegishli S-300 raketalarining birinchi partiyasi Suriyaga yetib borgan. Bu xabarni mustaqil manbalar orqali tasdiqlashning imkoni yo’q. Rossiya hukumati ham izoh bermagan.

Kreml xorijiy davlatlarning Suriya mojarosiga aralashuviga qarshi ekan, bunday raketalar hukumatga mamlakatni tashqi havo hujumidan himoya qilishga imkon beradi, degan.

Isroil Suriya hukumatini Hizbulloh harakatiga qurol yetkazayotganlikda ayblab, yaqin o’tmishda unga bir necha bor havodan hujum qilgan.

"Suriya S-300 raketalarini qo’lga kiritgan taqdirda ham uning mudofaa tizimini yorib o’tishni bilamiz", - dedi shu hafta Isroil mudofaa vaziri Moshe Yaalon.

Bu davlat Hizbulloh Suriyadan olgan qurollarini unga qarshi ishlatishidan xavotirda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG