Isroil cheklovlari sabab Falastin iqtisodiyoti milliardlab dollar zarar ko’rmoqda


Birlashgan Millatlar Tashkilotining Savdo va taraqqiyot bo’yicha agentligi (UNCTAD) Falastindagi vaziyat bo’yicha hisobot chiqarib, muxtoriyat iqtisodiyoti 2009-yilda bir oz yaxshilandi, degan xulosaga kelgan.

Tahlilga ko’ra, Isroil G’arbiy Sohil va G’azo Sektorida joriy etgan taqiqlar iqtisodiy taraqqiyot yo’lidagi eng katta g’ovdir.

BMT hisobotida keltirilishicha, o’tgan yili Falastinning Isroil tomonidan bosib olingan hududlarida yalpi ichki mahsulot 6,8 foizga o’sib, ishsizlik 1,6 foizga tushgan.

Tashkilotning Falastin xalqiga yordam ko’rsatish bo’yicha koordinatori Mahmud al-Hafifning aytishicha, raqamlar qog’ozda ijobiy bo’lgani bilan xalq hayotida o’zgarish sezilmaydi.

“So’nggi 10 yilda aholi daromadi 30 foizga kamaygan. 6,8 foiz o’sish ko’zga yaxshi ko’rinishi mumkin, ammo umuman olganda ahvol ayanchli. G’arbiy Sohil va G’azo Sektorida ishsizlik 30 foizni tashkil etadi”, - deydi Hafif.

Hududda iqtisodiy va gumanitar ahvol og’ir. G’azoda aholining 60 foizi, G’arbiy Sohilda esa 25 foiz aholi qashshoqlik, oziq-ovqat tanqisligidan qiynaladi.

BMT iqtisodchilarining aytishicha, bosib olingan yerlarda va chegara rayonlarida Isroil nazorat punktlari va cheklovlari sabab xususiy sektorni rivojlantirishga sharoit yo’q.

G’azoda ahvol G’arbiy Sohildan ham ayanchliroq. Ishlab chiqarish yo’qligi va cheklovlar tufayli mahsulot chegaradan yashirin tunnellar orqali olib kiriladi. Natijada savdo kamomadi 2009-yilda 59 foizni tashkil qildi.

BMT rasmiysi Mahmud al-Hafifning aytishicha, falastinliklar Isroil iqtisodiyotiga bog’lanib qolgan. Muxtoriyat savdo aylanmasining to’rtdan uch qismi yahudiy davlatiga to’g’ri keladi.

O’tgan yili Isroildan 2,6 milliard dollarga teng mahsulot sotib olingan. Bu xalqaro hamjamiyat Falastinga berayotgan yordamdan yetti foiz ko’pdir, deydi rasmiy.

Kamomadni qisqartirish moliyaviy islohotlarni talab etadi, ammo bu Falastin xalqining yanada qashshoqlashishi hisobiga bo’lmasligi kerak, deyiladi hisobotda.

BMT xulosasiga ko’ra, G’azoda Isroil blokadasiga barham berib, G’arbiy Sohilga o’tish punktlari olib tashlab, Falastin iqtisodiyotini sezilarli ravishda ko’tarish hamda yiliga 60 mingdan 80 minggacha ish o’rinlari yaratish mumkin.

XS
SM
MD
LG