BMT Bosh kotibi Isroildan G’azo blokadasini bekor qilishni talab qilmoqda

  • Amerika Ovozi

BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun Isroildan G’azo blokadasini bekor qilishni talab qilmoqda. Sektor qamali samarasiz va yanglish choradir, deydi u. BMT Inson huquqlari kengashi esa Isroilning xalqaro gumanitar karvonga hujumini qoralovchi hujjat qabul qilgan.

Kengash voqeani tergov qilish uchun mustaqil komissiya tuzmoqda. AQSh Vitse-prezidenti Jo Bayden nazarida yahudiy davlati o’zini mudofaa qilishga haqli va G’azoga qurol kirmasligi uchun lozim chora ko’rgan.

Obama ma’muriyati fikricha, G’azoda gumanitar vaziyat o’ta ayanchli va Isroil uch yillik blokadani yumshatishi kerak. Biroq hafta boshida ro’y bergan hujumni, deydi Jo Bayden, yahudiy yurti o’zi xolis tergov qila oladi.

Dushanba kuni falastinliklar uchun 10 ming tonna gumanitar yordam olib ketayotgan flotiliya Isroil tomonidan kuch bilan to’xtatilgan edi. To’qnashuvda to’qqiz kishi, asosan Turkiya fuqarolari halok bo’lgan. Karvon musodara qilinib, yo’lovchilar, G’azo ahlini qo’llab-quvvatlagan 700 faol qaytarib yuborilgan. Turkiyada bugun marhumlar dafn qilinmoqda. Vataniga qaytgan turk faollari qahramonlarcha kutib olingan.

Arab davlatlari ligasi bugun Misrda favqulodda majlis o’tkazib, xalqaro hamjamiyatni G’azo qamalini tan olmaslikka, masalani BMT Xavfsizlik Kengashiga oshirishga da’vat etgan.

BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun “Turkiyaga qarashli Moviy Marmar kemasida ro’y bergan qonli olishuv puxta tergov qilinadi”, deydi.

“Masala o’ta nozik va uni qanday hal qilish borasida muhokama davom etmoqda. Tergov adolatli, oshkora va ishonchli o’tishini ta’minlash niyatidamiz”,- deydi Pan Gi Mun. Bosh kotib Isroilni hujum tafsilotlari, qamoqdagilar, yaradorlar va o’lganlar haqida to’liq axborot berishga undamoqda. BMT Inson huquqlari kengashi komissiyasi regionga safar qilib, izchil tekshiruv o’tkazadi, deydi u.

Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu G’azo qamali asosli va lozim chora, deydi. Aks holda sektorda hukmron, Falastinning Xamas guruhi bemalol qurol-yarog’ni qo’lga kiritishi mumkin. “Odamlar qurbon bo’lganidan afsusdamiz, ammo askarlarimiz ham o’lim bilan olishmoqda. Har bir davlat o’zini mudofaa qilishga haqli. Kemadagi faollar ektremist edi”, - deydi vazir.

Tahlilchilar nazarida Isroil xalqaro karvonda qurolsiz faollarga hujum qilib, o’q-dorini ishga solib, o’ziga choh qazigan. Ammo xalqaro maydonda muvozanat buzilgan. BMT musulmon davlatlar tanqidi ostida ish ko’rmoqda, Yevropa esa Isroil xavotirini inobatga olmayapti, deydi olimlar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG