BMT, Jeneva: O'zbekiston qiynoqlar yuzasidan savolga tutildi


BMT Inson huquqlari bosh komissariati joylashgan bino, Jeneva, Shveytsariya, 28-oktabr, 2013

BMT Inson huquqlari bosh komissariati joylashgan bino, Jeneva, Shveytsariya, 28-oktabr, 2013

Shveytsariyada BMT Inson huquqlari bosh komissariati qoshida o'tgan sessiyada O'zbekiston adliya va ichki ishlar tizimi hamda qamoqxonalardagi qiynoqlar muhokama qilindi.

BMTning Qiynoqlarga qarshi qo’mitasi shu yilning 3-iyul kuni O’zbekiston hukumatiga 41 savol yuborib, respublika xalqaro talab va qonunlarga qanchalik rioya qilayotgani haqida hisobot so’ragan. 28-30 oktabr kunlari Jenevada bu masala muhokamada bo'ldi.

Jeneva - Shveytsariyaning so’lim bir ko’li bo’yida joylashgan, tog’lar bilan o’ralgan go’zal bir maskan. Lekin bu yerga keladiganlar, shaharda yashab-ishlaydiganlarning aksariyati Uilson saroyi (Palais Wilson) singari imoratlarda mehnat qiladi. Jeneva BMTning o’nlab agentliklari va qo’mitalari joylashgan shahar.

Qiynoqlarga qarshi qo’mita 1984-yilda qabul qilingan konvensiya amaliyotini kuzatadi. O’zbekiston uni 1995-yilda imzolagan va ratifikatsiya qilgan.


SAVOL-JAVOB

29-30-oktabr kunlari mamlakat rasmiylari qo’mita oldida javob berdi. Organ 10 mustaqil ekspertdan iborat: Amerika, Norvegiya, Ispaniya, Italiya, Marokash, Gruziya, Xitoy, Mavrikiy, Senegal va Chilidan tanlangan, huquq va adliya sohasida xizmat ko'rsatgan arboblar.

Toshkentdan kelgan delegatsiyaga O’zbekiston Inson huquqlari markazi rahbari, Oliy Majlis a’zosi Akmal Saidov boshchilik qildi. Ichki ishlar va Adliya vazirligidan ikki yuqori lavozimli rasmiy unga hamroh.

Saidov avvalo ikki narsaga urg'u berdi: O’zbekistonda 2008-yilda o’lim jazosi bekor qilingan. Islohotlar va amnistiya samarasi o’laroq mahbuslar soni kamaygan.

“Qiynoqlarga qarshi konvensiyani hurmat qilamiz va uni e’zozlashda davom etamiz. Bu oson ish emas, lekin O’zbekiston bunga sidqidilgan bel bo’lgan”,- dedi Saidov.

Dastlab ko’tarilgan savollardan biri: Nima uchun O’zbekiston qamoqxonalari Adliya emas, hali ham Ichki ishlar vazirligi nazoratida?

Borsa kelmas qamoqxona, qiynoqlar makoni deya ta'riflanadigan "Jasliq" qachon yopiladi? Qoraqalpog'istonning uzoq bir burchagida joylashgan bu turmada "siyosiy mahbuslar" saqlanadi. Hukumat uni tanqid qilgan odamlarni tuzumga qarshi jinoyatlarda qamab "Jasliq" singari joylarda og'ir sharoitlarda saqlamoqda. Bu iddaolarga Akmal Saidov O'zbekistonda "siyosiy mahbus" yo'q deb javob berdi. Qaysi qamoqxonada o'tirishidan qa'ti nazar, mahbuslar jinoyati isbotlangan shaxslar va qayerda qamoqxona ochib, qayerda yopishni davlatning o'zi hal qiladi.

30-oktabr kuni oo'mita savollariga javob berarkan, Saidov qizishib ketdi. Ovozini ko'tarib, har bir so'ziga alohida urg'u berib, jahl bilan gapirdi.

Muntazam qiynoqlar, siyosiy mahbuslar, xalqaro huquq tashkilotlarining O'zbekistondan haydab yuborilgani, "qonunlar faqat qog'ozda" degan tanqidlar, paxtazorlardagi o'lim hollari, majburiy mehnat, ayollarni sterilizatsiya qilish hamda Anjidon fojiasi yuzasidan berilgan tinimsiz savollar Toshkentdan kelgan delegatsiyani g'azabga keltirgani sezildi.

O'zbekiston tanqidga baqir-chaqir qilmay javob bersa xalqaro jamoatchilik unga jiddiyroq qaraydi, deydi tadbirni kuzatganlar. Ovozni ko'tarish bilan tanqidni tindira olmaysiz, buning uchun ijobiy o'zgarish qilish lozim, deya qo'shadi ekspertlar.

Aytish joiz, yaqingacha BMTning Jenevadagi agentliklarida prezident Islom Karimovning qizi Gulnora Karimova elchi edi. U bu lavozimni rasman tark etgach, o’rniga hali hech kim tayinlanmagan.

2002-yilda BMTning Qiynoqlarga qarshi maxsus elchisi Teo van Boven O’zbekistonga borib vaziyat bilan tanishib, bu mamlakat qamoqxonalarida qiynoq muntazam ravishda qo’llanadi, deya 2003-yilda dunyo ahliga bayon qilganidan beri tashkilotning biror maxsus diplomati respublikaga kiritilmagan.

Qiynoqlarga qarshi qo’mitaga nohukumat tashkilotlar, huquq himoyasi bilan mashg’ul muassasalar ham o’z tahlilnomalarini taqdim etib, Karimov ma’muriyatini huquqbuzarlikka ko’z yumib, ko’p hollarda bu usulga ruxsat berayotganlikda aybladi.

XALQARO MUNOSABAT

Nyu-Yorkda asoslangan “Human Rights Watch” O’zbekistonni “qiynoqlar makoni” deb ataydi. Tashkilot vakili Stiv Sverdlov (Steve Swerdlow) “Amerika Ovozi” bilan suhbatda shuni ta’kidlaydiki, Toshkent hamisha eski gaplarini qaytarib, konkret savollarga mujmal javob berib, xalqaro hamjamiyatni laqillatishga harakat qiladi.

“Bu safar ham shu holga guvohmiz”, - deydi u. Masalan, qiynoqlarga nega chek qo’yilmayapti? Qiynoq usullari qo’llanganda tergov qilinayaptimi? Xodimlar buning uchun aynan qanday jazo olmoqda?

Londondan Xalqaro Amnistiya mutaxassislari ham 28-oktabr kuni qo’mitada so’zlab, O’zbekiston zarur qonunlar qabul qilingan deyish bilan cheklanmay muammolarni qanday hal etayotgani haqida gapirsin, deya undadi.

Juliya Xol (Julia Hall), Xalqaro Amnistiya vakili, deydiki, Qiynoqlarga qarsh qo’mita ishini jiddiy qabul qilish kerak, chunki O’zbekiston singari “huquqbuzar davlatlar” bu yerda savolga tutilmasa, qayerda yana shunday imkoniyat bor? Organ mustaqil manbalardan tinglamoqda va hukumatga murojaat qilib, siyosatni savolga tutmoqda. BMT haqiqatni aytadigan joy, adolat sahnasi bu, deydi u. “Respublikada vaziyat naqadar og’ir ekanini bilamiz. Rasmiylar bu yerga kelib xohlaganini aytishi mumkin, ammo bu bilan tanqid va dashnomlar tinmaydi, chunki asl vaziyat og’ir, odamlar ezilmoqda”,- deydi Juliya Xoll.

Parijdan Inson huquqlari bo’yicha xalqaro federatsiya, shuningdek, o'zbekistonlik huquq faollari tomonidan Yevropada yuritiladigan tashkilotlar ham Jenevaga o'z hisobotini uzatgan. Lekin tadbirga O’zbekistondan biror huquqbon kela olmagan. Qo’mita a’zolari hukumatni ularni vatandan chiqarmaganlikda aybladi.

"HUKUMAT CHORA KO'RAYAPTI"!

Qiynoqlarni man etuvchi qonunlar qabul qilingan, lekin mamlakat qamoq va hibsxonalarida noinsoniy va shafqatsiz usullar orqali odamlarni aybga iqror qildirish, “dalil” yig’ish keng tarqalgan holat, deya bildiradi bu borada qator ishlarni o’rganib chiqqan tashkilotlar.

Masalan, Qayum Ortiqov ishi. Stiv Sverdlov, “Human Rights Watch” eksperti, to'plagan ma'lumotlardan:

Ortiqov Britaniya elchixonasida qo’riqchilik qilgan va 2009-yilda odam savdosida ayblanib qamoqqa olingan. Olti yilga ozodlikdan mahrum etilib, panjara ortida o’tirganida Milliy xavfsizlik xizmati unga “inglizlarga josuslik qilgansan” deya bosim o’tkaza boshlagan va bu aybga iqror bo’lishi uchun Ortiqov qiynoqqa solingan.

2011-yilda u London siyosiy murojaatlari sabab qo’yib yuborilgan. Ortiqov avvalo asossiz qamalgan, deydi Sverdlov. Tuzum uni azoblab, chet el elchixonalari va tashkilotlarida ishlayotgan odamlarni qo’rqitishga harakat qilgan. Huquq himoyachisining BMTga bayon qilishicha, panjara ortida Ortiqovning jinsiy organi kuydirilgan; soatlab osib qo’yilgan; uni yalang’och holda muzlatishga urinishgan; tirnoqlari ostiga igna tiqishgan va qattiq do’pposlashgan.
Akmal Saidov, Oliy Majlis a'zosi, Inson huquqlari milliy markazi rahbari

Akmal Saidov, Oliy Majlis a'zosi, Inson huquqlari milliy markazi rahbari

O’zbekiston hukumati huquq tashkilotlarini tuhmatda ayblaydi. Qiynoqlarga qarshi qo’mitaga bergan hisobotda mavjud qonunlar tilga olinib, 2010-2013-yillar orasida huquq-tartibot xodimlaridan 45 nafari qiynoqlar bilan bog’liq jinoyatlarda ayblangani qayd etiladi. Yetti kishi 2010-yilda, 10 kishi 2011-yilda, besh kishi 2012-yilda va bir kishi 2013-yilning birinchi yarmida sudlangan.

Xalqaro qonunlarga ko’ra, biror jinoyatda gumon qilinib, hibsga olingan fuqaro 48 soat ichida sud oldiga olib borilish kerak. Lekin O’zbekistonda 72 soat belgilangan. Bu “habeas corpus”, ya’ni yuqorida tilga olingan xalqaro me’yorni buzishdir, deydi huquqshunoslar.

O’zbekiston hukumatining javobi shuki, tergovchilar ishini bitirishi uchun ko’proq vaqt kerak. 48 soat xalqaro qonunlarda tavsiya qilingan, shart deb belgilanmagan.
Jasliq yopilmaydi... Qamoqxonalarda nima qilish o'zimizning ishimiz... Qizil Xochni haydamadik. O'zi faoliyatini to'xtatdi".
MUSTAQIL KUZATUVCHILAR QOLMAGAN

Xalqaro Qizil Xoch Qo’mitasi, markazi Jenevada joylashgan organ, bu yilning aprel oyidan boshlab O’zbekiston qamoqxonalariga kirmay qo’ydi.

Sabab, deydi insonparvarlik ishlari bilan mashg’ul tashkilot xodimlari, "o’z vazifamizni bemalol bajara olmayapmiz". Hukumat turli to’siqlar va bahonalar bilan turmalarga kirib-chiqish, mahbuslar bilan xolis suhbatlashishga yo’l bermaydi. Qo’mita o’zi guvoh bo’lgan voqealar tafsiloti va to’plagan ma’lumotlarini oshkor etmaydi. Maqsad – mahbuslarning dardini tinglash va ularga ruhiy madad ko’rsatish.

Toshkent pozitsiyasi: Xalqaro Qizil Xoch Qo’mitasi o’z xohishi bilan ishini to’xtatdi, O’zbekiston hukumati unga monelik qilmadi.

Qiynoqlarga qarshi qo’mita O’zbekistondan inson huquqlari faollari sudlangan hollar haqida ham so’radi.

Karimov ma'muriyatining javobi shuki, hech kim huquq himoyasi bilan shug’ullangani uchun sudlanmaydi; huquq faoliman degan sudlanuvchilarning hammasi aslida jinoiy javobgarlikka tortilgan, aniq ayblovlar qo’yilgan fuqarolar. Masalan, Qashqadaryoda 2010-yilda sudlangan G’aybulla Jalilov jinoyat kodeksining 159, 244 va boshqa moddalarini buzganlikda, ya’ni konstitutsion tuzumga tahdid solganlikda; jamoat xavfsizligiga raxna soluvchi materiallar tarqatganlikda; man etilgan tashkilotga a’zo bo’lganlikda aybdor deb topilgan. “Human Rights Watch” bildirishicha esa 49 yoshli Jalilov qiynoqqa solingani haqida ishonchli ma’lumotlar bor.
"Jasliq" qamoqxonasida, Qoraqalpog'iston

"Jasliq" qamoqxonasida, Qoraqalpog'iston

ADVOKATLAR VA HUQUQIY HIMOYA

BMT O’zbekistondan siyosiy jihatdan nozik ishlarda mahbuslarni himoya qilgan mustaqil advokatlar nega litsenziyasidan ayrilgani haqida ham so’ragan. Masalan, Mo’tabar Tojiboyeva va Yusuf Juma singari muxolifatchilarga advokatlik qilgan Ruhiddin Komilov hozir ishlash huquqiga ega emas.

Toshkentning javobi: advokatlik faoliyatini 2009-yilda chiqqan qonun nazorat qiladi. Litsenziyani mana shu hujjat asosida tuzilgan kengash beradi. Uning talablariga javob bera olmagan advokat advokat emas.

Qiynoqlarga qarshi qo’mita O’zbekiston hukumatidan 2005-yilda Andijonda yuz bergan fojia bo’yicha mustaqil xalqaro tergovga ruxsat beriladimi deb ham so’radi.

Toshkentning javobi: Andijon ishi yopilgan. Aybdorlar sudlanib, tegishli jazolarga mahkum etilgan. O’zbekiston, mustaqil davlat, bu borada dunyo ahliga o’z tergov va xulosalarini bir necha bor bayon etgan. Bu haqda boshqa savolga o'rin yo'q, deydi Akmal Saidov.

Xo'sh, BMT so'roq qilgani bilan nimaga erishiladi? Birinchidan, a'zo davlat sifatida O'zbekiston o'z bo'yniga qator majburiyatlarni olgan, jumladan inson huquqlarini ta'minlash hamda qator konvensiyalardagi talablarni ado etishni. Ularga rioya qilmaslik O'zbekistonning davlat sifatidagi nufuziga zarar keltiradi. Hukumat qanchalik rad etmasin, bu jamiyat erkin emasligini ko'rsatadi. Ikkinchidan, vaziyat bilan tanishgan BMT, jahondagi eng yirik xalqaro organ, o'z tavsiyalarini beradi va ularning bajarilishini kutadi. Qiynoqlarga qarshi qo'mita a'zolari aytganidek, inson huquqlarini amalda kafolatlash har bir tuzum uchun eng ustuvor, vijdoniy burchdir.


BMTning Jenevadagi qarorgohida olingan video/original, ingliz va rus tillarida:


  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. TV va radio diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. AQSh siyosati va hayoti hamda Markaziy Osiyodagi muhim masalalarni yoritadi. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida muharrir sifatida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida ham dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG