Breaking News

BMT rasmiysi AQShni qurol nazoratini kuchaytirishga chaqirdi


BMTning inson huquqlari bo'yicha rasmiysi Zeyd Ra'd al-Hussayn AQShni fuqarolar qo'lidagi qurollar ustidan nazoratni kuchaytirishga chaqirdi. Orlandodagi tungi klubda yuz bergan fojeada 49 kishi halok bo'lgach, mamlakatdagi qurol savdosi va uni cheklash bo'yicha bahslar yana kuchaygan.

BMT Oliy komissari Zeydning aytishicha, AQShda o'qotar qurollarni sotib olish shunchalik osonki, buni biror sabab bilan izohlab bo'lmaydi. Odam, hatto ilgari jinoyat sodir etganlar ham, ruhiy xastalik bilan og'riganlar yoki mahalliy va xorijlk ektremistlar bilan bevosita aloqa qilganlar ham kuchli qurollarni muammosiz xarid qila oladi, deydi u.

Zaydning so'zlovchisi Rupert Kolvilning aytishicha, siyosatchilar qurol nazorati masalasida zarur choralarni ko'rmayotgani oqibatida ozchilik yoki yaxshi himoyalanmagan jamoalar ko'p aziyat chekmoqda.

Milliy qurol assotsiatsiyasi qurol nazoratiga oid tashabbuslarni yo'q qilishga urinib keladi. Ommaviy otishma va qatliomlar sodir bo'lishda davom etmoqda, ammo qurol sanoati lobbichisi o'qotar aslahadan foydalanish huquqiga ayrim cheklovlar qo'yilishi haqidagi takliflarga keskin qarshi.

"Ularning mas'uliyatsiz propagandasi qurollar jamiyatni xavfsizroq qiladi, demoqda. Aslida esa buning aksi. Qurollarning osonlikcha qo'lga kiritilishi o'limga olib boruvchi faoliyatni bir zumda haqiqatga aylantiradi. Nafratga asoslangan qarash va nafratga asoslangan zo'ravon jinoyatlar o'rtasidagi aloqa kuchaygan", - deydi Kolvil.

BMT rasmiysiga ko'ra, Orlando qatliomidan musulmonlarga qarshi foydalanilayotgani yanada tashvishlanarli. Ommaviy qotilliklar uchun musulmonlarni ayblash va ularning mamlakatga kirishini taqiqlashga chaqirish AQSh siyosatchilarining xavfli va mas'uliyatsiz siyosat olib borayotganidan darak, deydi Kolvil.

"AQShdagi qotilliklarning ko'pi musulmon bo'lmagan oq tanlilar tomonidan sodir qilinadi. Musulmonlar aralashgan ayrim ishlarni tanlab olib, ularni barchaga oid umumiy muammo qilib ko'rsatish qabul qilib bo'lmas holatdir", - deydi u.

BMTning qochoqlar bilan ishlovchi agentligi muhojirlarni ehtimoliy terrorchi sifatida ko'ruvchi ayrim siyosatchilarning qarashlarini keskin inkor qiladi. Agentlik so'zlovchisi Adrian Edvardsning aytishicha, barcha qochoqlar AQShga kelishidan oldin izchil tekshiruvdan o'tkaziladi.

Bu muhojirlar terrorchilar emas, balki mojaro va qurollardan qochib kelayotgan, himoyaga muhtoj odamlardir, deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG