Qozog'iston BMT Inson Huquqlari Kengashiga a'zo bo'ldi

  • Amerika Ovozi

Kengash Jenevada asoslangan

Kengash Jenevada asoslangan

Inson huquqlari tashkilotlari BMT Bosh Assambleyasining so’nggi qaroridan norozi. Organ 18 davlatni BMT Inson Huquqlari Kengashi a’zoligiga qabul qilgan. Ularning aksariyati aslida huquq va erkinliklarni muntazam ravishda buzib kelayotgan tuzumlar sifatida qayd etiladi.


47 a’zoli Inson Huquqlari Kengashi - erkinlikni himoya qilishni o’z bo’yniga olgan eng oliy organdir. Lekin kengashdan qay davlatlar o’rin olgani doimiy tanqid ostida. A’zolar mintaqaviy quruhlarga qarab qabul qilinadi. G’arbiy guruh ostida Irlandiya, Germaniya va AQSh kirdi. Gretsiya va Shvetsiya yetarlicha ovoz olmagan.

Amerika uzoq yillar davomida a’zolikka qiziqmagan edi, ammo 2009-yildan beri ancha faol. Bu davlatning BMTdagi elchisi Syuzan Rays deydiki, Vashington inson huquqlari bobida dadil harakat qilmoqda va kengashda muhim rol o’ynashda davom etadi.

AQSh inson huquqlari poymol etilishini qoralaydi va bu hollar keng tarqalgan jamiyatlarda jabrdiydalar manfaatini ko’zlab siyosat yuritadi, deydi diplomat.

Biroq huquq tashkilotlari nazarida Obama ma’muriyati ko’plab repressiv tuzumlar bilan apoq-chapoq ekan, ular bilan harbiy va iqtisodiy hamkorlikni kuchaytirib borar ekan, yuqoridagi bayonotlar faqat safsata.

Afrikadan Fil Suyagi Qirg’og’i, Efiopiya, Gabon, Keniya va Syerra Leone; Osiyo-Tinch okeani mintaqasidan esa Yaponiya, Qozog’iston, Janubiy Koreya, Pokiston va Birlashgan Arab Amirliklari; Sharqiy Yevropadan Estoniya va Montenegro (Chernogoriya); Lotin Amerikasi va Karib dengizidan Argentina, Braziliya va Venesuela ham kengashga qo’shildi.

“Human Rights Watch” huquq tashkiloti rahbarlaridan biri Filip Bolopion nazarida yangi a’zolar - erkinlik dushmani bo’lgan tuzumlar.

Efiopiya, Venesuela, Pokiston va Qozog’istondek davlatlarda erkin so’z va fikr, qonun ustuvorligi va mas’uliyatli hukumat haqida gapirish qiyin, deydi huquq himoyachisi.

Inson Huquqlari Kengashiga a’zolik uch yilni o’z ichiga oladi. Kuzatuvchilar deydiki, organga kirish lobbichilik va siyosiy hamkorlik mahsuli.

Kengash 2006-yilgacha Inson Huquqlari Komissiyasi nomi ostida tanilgan edi. Yilda uch marta Jenevada yig’iladi, mart, iyun va sentabr oylarida.

Rossiya va Qirg’iziston ham a’zo edi, bu yili chiqdi. O'zbekiston, Tojikiston va Turkmaniston hech qachon kirmagan.

Xitoy, Saudiya Arabistoni va Kuba singari “huquq buzg’unchilari” deya ta’riflanadigan davlatlar ham kengashda o’tirgan.

Organga 2011-yildan beri Laura Dupuy Lassere prezidentlik qiladi. U asli Urugvaydan. U faqat sessiyalarga raislik qiladi.

BMTning Inson huquqlari bo’yicha komissari kengashning asosiy boshqaruvchisi sanaladi. Ayni damda bu lavozimda janubiy afrikalik advokat Navi Pillay o’tiribdi. Komissar to’rt yillik muddatga ega va shu yilning sentabr oyida Pillayning mandati yana ikki yilga uzaytirildi.

Turli davlatlardan BMTning Jenevadagi idoralari uchun mas’ul diplomatlar qatorida O’zbekistondan Gulnora Karimova, prezident Islom Karimovning qizi ham bor.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG