BMT inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston bilan yaqindan ishlashga tayyor

  • Amerika Ovozi

27-28 – may kunlari O’zbekistonga safar qilgan BMT Bosh kotibining inson huquqlari bo’yicha muovini Ivan Simonovich rasmiylar va nodavlat tashkilotlarining vakillari bilan uchrashdi.

Hamkorlikni chuqurlashtirish uchun imkoniyat bor, deydi Simonovich, tashrifini izohlar ekan.

Uning fikricha, O’zbekistonda inson huquqlari borasida siljish kuzatilsa-da, jiddiy muammolar bor: qiynoqlar, qonunbuzarliklar, so’z, uyushish va yig’ilish erkinliklarining poymol qilinishi, fuqaroviy jamiyat vakillari, jurnalistlar va muxolifat a’zolarining ta’qib qilinishi hamda majburiy mehnat singaru masalalar.

So'nggi 10 yildan ortiq davr mobaynida BMTning yuqoridagi mavzular bo'yicha biror maxsus vakili respublikaga kiritilmagan.

Joriy yilning aprel oyida Jenevada o'tgan yig'inda O’zbekistonda inson huquqlari qay ahvolda ekani muhokama qilingan edi. O'shanda BMT Inson huquqlari kengashi respublikaga 203 tavsiya bergan. Ulardan 101 tasini O’zbekiston qabul qilgan. 14 tasi ko’rib chiqiladi va 30 tasi bajarilgan deya bayon etilgan. 58 tavsiya esa rad etilgan.

Hukumat tavsiyalarni nodavlat tashkilotlar, xalqaro hamkorlar, shu jumladan BMT bilan birgalikda bajarish uchun reja tuzish niyatida ekanini bildirgan.

Simonovich deydiki, BMT va uning O’zbekistondagi vakolatxonasi ko’makka tayyor.

Adliya vaziri, Ichki ishlar vaziri hamda Bosh prokuror bilan uchrashuvlar chog’ida ular vaziyatni kuzatish uchun mustaqil mexanizm tuzish kerak degan tavsiyani qabul qilganini tasdiqladi, deydi BMT rasmiysi.

“Men ularga bu ishlarni xalqaro mezonlar, xususan Qiynoqlarga qarshi konvensiyaning protokoliga ko’ra amalga oshirishni tavsiya qildim, - deydi Simonovich, - bu holda mazkur mexanizm qiynoqlarga chek qo’yish imkonini beradi, vaholanki, men uchrashgan rasmiylardan bir necha nafari qiynoqlar jiddiy muammo ekanini tan oldi”.

“Qizig’i shundaki, O’zbekistonda inson huquqlari bilan shug’ullanadigan milliy idoralar ko’pgina. Men ayrimlarining vakillari, xususan Parlament Obmudsmani, Inson huquqlari milliy markazi rahbari hamda turli vazirliklarning inson huquqlari bo’yicha bo’lim boshliqlari bilan uchrashdim. Men ushbu idoralar faoliyatini muhokama qildim va Parij Tamoyillariga asoslangan holda mustaqil milliy inson huquqlari idoralarini tuzishni tavsiya etdim”, - deydi Simonovich.

Konstitutsiyaviy sud va Oliy sudda BMT rasmiysi adliya tizimidagi islohotlar haqida gaplashdi.

“Ayrim ijobiy o’zgarishlar bo’lsa-da, qonun ustuvorligi va sud mustaqilligini kuchaytirish va umuman hukumat organlarining ishini yaxshilashda jiddiy islohotlarni amalga oshirish zarur”, - deydi Simonovich.

Uning nazarida, O’zbekistonda nodavlat tashkilotlari faoliyat yuritishi uchun imkoniyatlar cheklangan, vaholanki fuqaro jamiyati demokratik tizimning uzviy qismidir.

“Men rasmiylarni so’z va boshqa fuqaroviy erkinliklar, shu jumladan e’tiqod erkinligini kengaytirishga undadim”, - deydi u.

BMT vakili Andijon fojeasini ham tilga olgan va BMTning mustaqil xalqaro tekshiruv o’tkazish da’vatlarini takrorlagan.

“Xavfsizlikka oid har qanday harakatda inson huquqlari inobatga olinishi kerak. Shuningdek, terrorizmga qarshi kurashda inson huquqlari toptalmasligi lozim, vaholanki barqaror tinchlik inson huquqlariga hurmat va qonun ustuvorligiga asoslanadi”, - deydi Simonovich.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG