BMT rasmiysi: jahon hamjamiyati ikki yuzlamachi

  • Amerika Ovozi

BMTning Inson huquqlari bo'yicha Oliy komissari Zayd Ra'd al-Husayn

BMTning Inson huquqlari bo'yicha Oliy komissari Zayd Ra'd al-Husayn

BMTning Inson huquqlari bo'yicha Oliy komissari Zayd Ra'd al-Husayn Suriya va boshqa o'lkalardan qochib chiqqan millionlarni himoya qila olmagani uchun xalqaro hamjamiyatni keskin tanqid qildi. BMT Inson huquqlari kengashining uch haftalik sessiyasining ochilish nutqini u shu mavzu bilan boshladi.

BMT rasmiysi inson huquqlarini himoya qilishni oliy qadriyat deya bot-bot tilga oluvchi xalqaro hamjamiyatni munofiqlikda aybladi. U dengizda cho'kib Turkiya sohiliga jasadi qalqib chiqqan uch yoshli Alan al-Kurdi fojeasini misol qildi.

"Nafasimiz bo'g'zimizga tiqildi. Uyatdan va nomusdan qizargan dunyo shu yosh go'dak oldida yig'ladi. Insoniyroq dunyo quraylik deb shuncha nutqlar, chiqishlar qilamiz, namoyishlar o'tkazamiz, lekin bu qachon bo'ladi?" - dedi inson huquqlari bo'yicha BMT rasmiysi.

Zayd Ra'd al-Husayn qochoqlarga joy bergani uchun Iordaniya, Livan, Turkiya hamda Yevropa davlatlaridan Germaniya va Shvetsiyani olqishladi. O'z uylarini ochib bergan millionlab oddiy fuqarolarga ham rahmat aytdi. Aholi orasida muhojirlarga qarshi nafrat uyg'otayotgan va hech bir chora ko'rmayotgan ayrim yetakchilarni esa qoraladi.

Yevropa Ittifoqining 120 ming qochqinni a'zo davlatlariga bo'lib berish haqidagi taklifi ham olqishga sazovor, dedi al-Husayn.

"Qochoqlarni joylashtirish bo'yicha choralarni kuchaytirishimiz kerak, toki o'lim va odam kontrabandasi holatlari kamaysin. Hibsda ushlab turish, ayniqsa, bolalarni va chegaralarda ularga yomon munosabatda bo'lish to'xtasin", - dedi u.

Komissarga ko'ra, inson huquqlarining qo'pol ravishda buzilishida dunyoning hamma mintaqalari aybdor. Afrika, Osiyo, Yaqin Sharq va Amerika qit'asida inson huquqlarini toptayotganlar jazoga tortilmayapti, deydi u.

Ayniqsa, Sahroi Kabirning Markaziy Afrika Respublikasi, Sudan, Janubiy Sudan, Somali, Mali, Eritreya va Burundi davlatlarida zo'ravonliklar kuchayib borayotgani alohida tashvishga molik, dedi al-Husayn.

BMTning inson huquqlariga oid anjumanida shu kabi muammolarga yechim topish yuzasidan chora-tadbir va takliflar olg'a surilishi kutilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG