Eron o'smirlarga nisbatan o'lim jazosini qo'llashda davom etayapti

  • Amerika Ovozi

Birlashgan Millatlar Tashkilotining inson huquqlari bo'yicha eksperti Ahmed Shahid Eronda o'lim jazosi haddan ziyod ko'p qo'llanishini tanqid qilmoqda. O'tgan yili bu davlatda qariyb ming kishi qatl etilgan - 20 yilda eng yuqori ko'rsatkich.

Voyaga yetmaganlarni o'limga mahkum etish xalqaro qonunlarga zid bo'lsa-da, o'tgan 10 yil mobaynida Eronda 18 yoshga to'lmagan 73 kishiga shunday jazo belgilandi.

Ahmed Shahid tayyorlagan hisobot, jumladan, islomiy respublikaning adliya va sud tizimidagi nuqsonlar BMT Inson huquqlari kengashida muhokama etiladi.

"Fuqarolar advokatsiz qamoqda uzoq muddatga qamab qo'yilishi, mahbuslardan qiynoq ostida ma'lumot olinishi kabi amaliyotlardan xabardormiz", - deydi BMT tergovchisi.

Hisobotga ko'ra, Eronda bahay diniy jamoasi qattiq bosim ostida yashaydi, bu jamoa a'zolari ta'lim olish va ish topish huquqidan mahrum qilingan. Ko'plab yetakchilari esa qamoqda.

Ahmed Shahid, Maldiv davlatining sobiq tashqi ishlar vaziri, Eronda inson huquqlari bilan bog'liq vaziyatni besh yildan beri o'rganadi, ammo hukumat uni hali biror marta mamlakatga kiritmagan.

Mustaqil ekspertlar yoki maxsus tergovchilar muayyan davlatdagi ahvolni o'rganish maqsadida BMT Inson huquqlari kengashi tomonidan tayinlanadi. Bu mutaxassislar BMT xodimlari emas, ularga maosh ham to'lanmaydi.

Ahmed Shahid besh yildan buyon Eron bilan shug'ullanadi, uning mandati tugay deb qoldi. Tehron uning vakolati uzaytirilishiga qarshi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG