Isroil: Eronning yangi prezidenti qo’yning terisiga o’ranib olgan bo’ri

  • Amerika Ovozi

Obama va Netanyaxu

Obama va Netanyaxu


Isroil Eron Islomiy Respublikasi dunyoga xavf solayotgani haqida yana bong urmoqda. BMT Bosh Assambleyasida qilgan nutqida Bosh vazir Benyamin Netanyaxu Eronda yangi prezident saylangan bo’lsa-da, tuzumga baribir ishonch yo’q, deya ta’kidladi.

Tehron atom qurolini qo’lga kiritmasligi uchun Isroil kerak bo’lsa yakka o’zi chora ko’rishga tayyor, deydi Netanyaxu.

Netanyaxu BMT minbarida og’iz ochishi bilan Eronni tanqid qila ketdi. Bu davlatning yangi prezidenti Hasan Ruhoniy, deydi u, qo’yning terisiga o’ranib olgan bo’ridir.

“Fakt degan narsa o’jar bo’ladi. Ruhoniy shirin gapirgani bilan bu vahshiy tuzumning qiyofasi o’zgarib qolayotgani yo’q”, - deydi bosh vazir.

Netanyaxu fikricha, Eron xalqaro hamjamiyat qo’ygan talablarga bosh egmaguncha bosimni ushlab turmoq lozim. Uning aytishicha, diplomatik yechim deganda Eronning yadro dasturidan butunlay voz kechishini tushunish kerak.

Eronning BMTdagi elchisi muovini Xudodod Sayfiy yuqoridagi bayonotlarga tezda javob qaytardi.

“Netanyaxu o’zi bilganidan qolmay, Eronning yadro dasturi xususida dunyoni yana chalg’itishga harakat qilayapt”, - deydi Eron diplomati.

O’tgan yili Isroil bosh vaziri minbarga bomba chizilgan plakatni ko’tarib chiqib, islomiy respublika atom qurolini qo’lga kiritishga yaqin turganini qizil qalam bilan chizib ko’rsatgan edi.

Eron Tashqi ishlar vaziri Javod Zarif so’zlariga ko’ra, tuhmat-bo’htonlarni tarqatish Netanyaxuga xos odat. Zarif Vashingtondan kelayotgan izohlarni ham tanqid ostiga olib, biz tahdid yoki sanksiyalar ta’siri ostida muzokara qilayotganimiz yo’q, dedi.

Tehronni maqsadlaridan qaytarish uchun Isroil yolg’iz bo’lsa ham harakat qilishga tayyor ekanini bildiryapti.

Isroilga yon bosuvchi “J Street” lobbichi tashkilotidan Alan Elsner deydiki, Eron masalaga bu gal jiddiy yondashyaptimi, yo’qmi, Obama ma’muriyati ana shu savolga javob topishi kerak.

Ushbu xalqaro bahs nima bilan tugashini butun dunyo, xususan Yaqin Sharq hukumatlari diqqat bilan kuzatib turibdi, deya tahlil qiladi Karnegi tadqiqot markazidan Jessika Takman.

“Eron yadroviy mamlakatga aylandimi, demak Saudiya Arabistoni, Misr va Turkiya ham shunday qurolga ega bo’lishni istaydi. Regionda qurol poygasiga turtki bo’ladi bu”, - deydi olima.

Joriy oy oxirlarida BMT Xavfsizlik Kengashining besh a’zosi va Germaniya diplomatlari Eron muzokarachilari bilan uchrashishi rejalangan. Unda islomiy respublikaga qo’yilgan talablar ijrosi va sanksiyalarni yumshatish haqida gap ketadi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG