AQSh Isroil-Falastin tinchlik muloqotini jonlantirishga urinib ko'radi


Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyaxu (o'ngda) va Falastin prezidenti Mahmud Abbos Vashingtonda, 2-sentabr, 2010-yil

Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyaxu (o'ngda) va Falastin prezidenti Mahmud Abbos Vashingtonda, 2-sentabr, 2010-yil

Bugun BMT Bosh Assambleyasining 68-sessiyasi ish boshlamoqda. Anjumanga 130 ga yaqin davlatlardan rahbarlarning kelishi kutilmoqda. AQSh davlat kotibi Jon Kerri Isroil va Falastin yetakchilari bilan ko’rishib, tinchlik muloqotini olg’a surmoqchi.

Jon Kerri davlat kotibi lavozimida Yaqin Sharq tinchligi masalasiga ko’p vaqt ajratmoqda. Shu kungacha u Falastin va Isroil rahbarlari bilan bir necha bor uchrashgan.

"Ular bilan bevosita muloqotdaman. Har ikki tomon umumiy maqsad nima ekanini yaxshi tushunadi. Tinchlik va xavfsizlikda yonma-yon yashovchi ikki davlat bo’lishi uchun mehnat qilyapmiz", - deydi Kerri.

Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyaxuning aytishicha, hozir buning ayni payti.

"Yo’limiz yengil emas, ammo Isroil va Falastinni yarashtirishda va ixtilofga batamom barham berishda muvaffaqiyat qozonishga ahd qilganmiz", - deydi u.

Falastin prezidenti Mahmud Abbos bunga tayyormiz, deydi.

"Bizga ajratilgan to’qqiz oy mobaynida Isroil bilan tinchlik bitimiga kelisha olamiz, degan umiddaman", - deydi u.

Quddus shahrining maqomi va bo’lajak Falastin davlatining chegaralari bu maqsadga yetishish yo’lidagi asosiy to’siqlardan.

20 yil oldin Osloda erishilgan bitim ham aynan shu toshga urilgan edi. O’shandan beri nima o’zgardi? AQSh sobiq elchisi Adam Yerelining aytishicha, Isroil kelajagi haqida tashvishlanmoqda.

"Hududni nazorat etayotgan bo’lsa ham, xavfsizligi yaxshi ta’minlangan bo’lsa ham, istilochi bo’lish uzoq muddatda Isroil manfaatlariga xizmat qilmaydi", - deydi u.

Tinchlik muloqotini qo’llab-quvvatlashga qaratilgan iqtisodiy choralar qatorida Isroil G’arbiy Sohilda yashovchi falastinliklarga Isroilda ishlashga ruxsat bergan. Biroq shu bilan birga, deydi tahlilchi Alun Makdonald, yahudiy davlati bosib olingan yerlarda posyolkalarni kengaytirmoqda.

"Umid qilishga asos ko’p, ammo so’nggi paytda yangi qurilishlar haqida qarorlar chiqib, falastinliklarni ruhsizlantirmoqda, istilo hali ham davom etmoqda", - deydi Makdonald.

Qurilishlar Isroilning koalitsion hukumati uchun ham boshog’riq, deydi Vashingtondagi Kato tahlil instituti xodimi Dag Bendou.

"Ichki siyosiy jarayonlar o’ta chigal. Ularni hisobga olmay iloj yo’q. Isroil va Falastinda bir-biriga nisbatan ishonch past, shunga shubhalanish ko’p", - deydi Bendou.

Isroillik sobiq muzokarachi Uri Savirning aytishicha, Oslo bitimini hali ham hayotga tadbiq etsa bo’ladi.

"Tinchlikka erishish oson emas, jarayon vaqt talab qiladi. Uning asoslari hali ham yo’qolmagan. Tinchlikka albatta erishamiz, bunga shubham yo’q", - deydi sobiq rasmiy.

Jon Kerrining aytishicha, vaqt har bir tinchlik jarayonining dushmanidir, chunki vaqt bo’shliqni hosil qilib, tinchlikni istamagan odamlar bo’shliqni to’ldiradi.
XS
SM
MD
LG