Breaking News

Falastin Xalqaro jinoiy sudga qo'shilish uchun ariza berdi


Qo'shma Shtatlar va Avstraliya BMT Xavfsizlik Kengashiga taqdim etilgan rezolyutsiya loyihasiga qarshi ovoz berdi.

Hujjatda Isroildan kelasi uch yil ichida Falastin hududlarini tark etish talab qilingan edi.

22 arab davlati olg'a surgan rezolyutsiyani sakkiz mamlakat ma'qullagan. Xavfsizlik Kengashiga 15 davlat a'zo. Shundan 10 tasi "ha" deb ovoz bersa, hujjatlar qabul qilingan hisoblanadi.

AQShning BMTdagi elchisi Samanta Pauer nazarida rezolyutsiya tomonlarni bir-biriga qarshi qayratishga qaratilgan bo'lib, Isroil va Falastin o'rtasida tinchlik qaror topishiga xizmat qilmaydi.

"Tinchlik bir stol atrofida o'tirib, tavofutlarni hal qilishdan boshlanadi. Shuning uchun qarshi ovoz berdik", - deydi diplomat.

Falastinning BMTdagi elchisi Riyod Mansur esa Xavfsizlik Kengashini o'z majburiyatlarini bajarmayotganlikda keskin tanqid qildi.

"Mojarolarga yechim topish, tinchlikka hissa qo'shish bu organning vazifasi va uni uddalay olmayotganini bugun yana bir bor namoyish etdi", - deydi Falastin vakili.

Resolyutsiyada bitilgan asosiy talab - Isroil 2017-yilgacha G'arbiy Sohil va G'azo sektoridan qo'shinlarini olib chiqsin, 1967-yilgi chegaralar tiklansin. Falastin bilan tinchlik kelishuviga erishish uchun bir yil muhlat belgilansin.

Bu orada, G'azoda hukmron HAMAS guruhi Falastin tashabbusini bir tomonlama, deya tanqid qilmoqda. "Prezident Mahmud Abbos bu borada biz bilan maslahat qilgani yo'q" - deydi HAMAS so'zlovchisi.

Rezolyutsiya Xavfsizlik Kengshida rad etilgach, Falastin rahbari Xalqaro jinoiy sudga qo'shilish uchun ariza bergan. Bu degani, falastinliklar Isroilni urush jinoyatlarida ayblab sudga berishi mumkin.

Prezident Mahmud Abbos Ramallohda 20 ga yaqin xalqaro konvensiyalarni imzolagan. "Bunday hujjatlarni imzolash, xalqaro tashkilotlarga qo'shilishga Falastin xalqi haqli", - deydi Falastin muzokarachisi Soib Erekat.

Isroil hukumati o'z askarlarini ayblovlardan himoya qilishini bildirmoqda. Gaagada joylashgan organ genotsid va insoniyatga qarshi jinoyatlarda ayblangan shaxslarni sudga tortish huquqiga ega.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG