Isroil G'azoga oid BMT yig'inini boykot qildi

  • Amerika Ovozi

G'azoda Isroil hujumidan vayron bo'lgan uylardan birini yosh falastinlik bola ko'zdan kechirmoqda, 11-may 2015-yil.

G'azoda Isroil hujumidan vayron bo'lgan uylardan birini yosh falastinlik bola ko'zdan kechirmoqda, 11-may 2015-yil.

Isroil BMTning Inson huquqlari kengashida 2014-yilgi G'azo urushi yuzasidan o'tkazilgan suhbatni boykot qildi. Bu davlat rahbariyatiga ko'ra, mazkur tekshiruv noxolis va nuqsonlarga ega.

BMT taftishi jarayonida G'azoda o'tgan yili yuz bergan qonli mojaroda Isroil ham, falastinlik jangarilar ham urush jinoyatlarini sodir etgan bo'lishi mumkin deb topilgan edi.

Tekshiruv qo'mitasi xulosasiga ko'ra, G'azodagi yetti haftalik urushda 2200 dan ziyod odam o'lgan, ularning qariyb barchasi falastinliklar.

Tekshiruv qo'mitasi rahbari Meri Makgovan Deyvisning BMT Inson huquqlari kengashiga aytishicha, Isroil mudofaa kuchlari falastinliklarga qarshi haddan ziyod katta miqdorda va odam ajratmasdan o't ochgan. Natijada qurbonlar orasida tinch aholi vakillari, ayollar va bolalar ko'pchilikni tashkil etgan.

Deyvis falastinlik qurollangan guruhlar ham raketa hujumlarini aholi zich yashovchi hududlardan amalga oshirganini aytadi. Isroilga 4500 dan ziyod raketa otilgani aniqlangan.

Isroil delegatsiyasi yig'inda ishtirok etmadi. Falastin vakili Ibrohim Qurayshiy hisobotni xolis deb atadi, ammo mojaroning o'zi adolatsiz bo'lgani tilga olinmaganini tanqid qildi.

AQSh, Kanada va Yevropa Ittifoqining ko'plab a'zolari ham BMT yig'inida qatnashmadi.

Anjumandan tashqarida gapirgan Isroilning BMTdagi elchisi Eviator Manorning ta'kidlashicha, Inson huquqlari kengashi BMTning axloqan buzuq va noxolis organidir.

Unga ko'ra, Kengash shu paytgacha Isroilga qarshi 61 ta rezolyutsiya qabul qilgan, dunyoning boshqa mintaqalariga nisbatan qabul qilingan qarorlar soni esa 55 ta, xolos.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG