Breaking News

BMT: Qozog'iston O'zbekistonga qochqinlarni qaytarib, xalqaro qonunlarni buzgan


Birlashgan Millatlar Tashkilotining Qiynoqlarga qarshi Qo'mitasi Qozog'iston hukumatining 29 qochqinni O'zbekistonga topshirganini xalqaro qonunlarga zid qaror deb topgan.

Nursulton Nazarboyev ma'muriyati bu insonlarni orqaga qaytarib, kompensatsiya to'lash haqida o'ylasin, deyiladi idora bergan tavsiyanomada. Qo'mita Qiynoqlarga qarshi konvensiya amaliyotini kuzatadi.

Qochqinlar Qozog'istondan boshpana so'rayotgan edi. Vatanida qiynoqqa solinishi mumkin degan xavotir kuchli bo'lsa-da, ular 2011-yilda ekstraditsiya qilingan.

O'zbekiston BMTning Qiynoqlarga qarshi maxsus vakilini kiritmay keladi. Mamlakatda huquq muntazam ravishda buziladi degan tanqidlarni Islom Karimov rahbariyati rad etadi.

Ekstraditsiya qilingan insonlardan ikkisi Tojikiston pasportiga ega ekani ma'lum. 29 kishining hammasi terrorchi kuchlar bilan aloqadorlikda ayblangan.

Qozog'iston rasmiylarining ta'kidlashicha, O'zbekiston ularning haq-huquqlari himoya qilinadi deya va'da bergan.

Ularning aksariyati hozirda vatanda sudlangan va uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etilgan. Ayblov - man etilgan islomiy guruhlarga a'zolik va konstitutsion tuzumni ag'darishga urinish.


Qochqinlarning qaytarilganini qoralab kelayotgan huquq himoyachilari, jumladan Nyu-Yorkda asoslangan "Human Rights Watch" tashkiloti xalqaro hamjamiyatni O'zbekistondagi vaziyatni ko'zdan qochirmaslikka undab keladi. Qiynoqlar, asossiz ayblash va tahqirlash respublikada odatiy hol, deyiladi bu idora hisobotlarida.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG